Light | 19:20 / 17.11.2017
15429
9 daqiqa o‘qiladi

Kremniy vodiysida yangi urf: Fasting!

Foto: tomeis / Shutterstock.com

AQShda, ayniqsa Kremniy vodiysida ko‘pchilik fastingga qiziqib qolgan, uni yana interval ochlik deb ham atashadi. IT-kompaniyalar rahbarlari va ularning xodimlari vaqti-vaqti bilan bir necha kunga ovqatdan voz kechib, ishdagi samaradorlikning yangi bosqichiga chiqish va hatto umrni uzaytirish mumkin, deb hisoblashadi. Interval ochlik nima o‘zi va uning qandaydir ilmiy asosi bormi, zararli tomonlari yo‘qmi - "Meduza" nashri shu haqidagi ma'lumotlari bilan bo‘lishdi.

"O‘z ustida ishlashga doir yangi trend"

2017 yilning kuzida G‘arb OAV Kremniy vodiysida ochlikning IT-kompaniyalar rahbarlari va ularning xodimlari orasida tobora ommalashib borayotgani haqida faol yoza boshlashdi. Bu haqida 2015 yildan beri Kaliforniyada yashovchi va ishlovchi Luka va Replika startaplari asoschisi Yevgeniya Kuyda Rossiyaning Tatler jurnaliga bergan intervyusida so‘zlab berdi.

"Mening meditatsiya bo‘yicha murabbiyim, psixoterapevtim, serf bo‘yicha shaxsiy murabbiyim va sportzalda ishlovchi murabbiyim bor. Men fasting bilan shug‘ullanaman, ertalabdan asai-boul (sog‘lom turmush tarafdorlari orasida mashhur taom) yeyman", - deydi u.

Kuydaning aytishicha, San-Frantsiskoda "barcha intermittent-fasting"ga, ya'ni interval ochlikka (muayyan vaqt odatdagidek ovqatlanib, muayyan vaqt esa ovqatdan tiyilishga) qiziqib qolgan. Kuydaning  so‘zlariga ko‘ra, uning barcha tanishlarida qancha vaqt ovqatdan tiyilishni hisoblaydigan Zero ilovasi bor. The Guardian gazetasi ham buni tasdiqlamoqda: nashrning yozishicha, fasting  meditatsiya va mayndfulnessdan keyin "o‘z ustida ishlash bo‘yicha yangi trendga aylandi".

Foto: instagram.com/popflex_active

Ochlikni ommalashtiruvchilar

Ochlik — yangi tajriba emas; yeguliklardan tiyilish an'anasi ko‘p dinlarda mavjud. XX asrda muqobil tibbiyot adepti Pol Bregg ochlik tajribasini ommalashtirdi, uning "Ochlik mo‘'jizasi" kitobi hatto SSSRda ham nashrdan chiqqan. Shunisi e'tiborga loyiqki, Bregg tibbiy bilimga ega bo‘lmagan, uning o‘zi haqida gapirgan ko‘p gaplari esa haqiqatdan yiroq bo‘lib chiqqan: xususan, u o‘z yoshini 14 yoshga oshirib aytgan (qanchalik yosh ko‘rinishini aytib maqtanish uchun) - yoki ikki marta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etganini ta'kidlagan. Bregg uning maslahatlariga quloq tutib, 120 yoshgacha yashash mumkin, deb hisoblagan, biroq o‘zi 81 yoshda miokard infarkti natijasida hayotdan ko‘z yumgan.

The Independent'da yozilishicha, 2014 yildan boshlab ochlik yana urf bo‘la boshlagan, o‘shanda mashhur aktrisa Jyennifer Eniston va model Miranda Kerrlar ochlikka qiziqib qolishgan. Bundan bir yil avval britaniyalik telejurnalist va ilmiy-ommabop dasturlar muallifi Maykl Moslining jurnalist Mimi Spenser hammuallifligidagi "The Fast Diet" kitobi chiqqandi. Nomi tez ozishni, sog‘lom bo‘lishni va'da qiluvchi kitob bestsellerga aylangan; unda mualliflar interval ochlikning asosiy sxemalaridan biri - "5:2" parhezini  targ‘ib qilishgan. Uning mohiyati shundaki, inson 5 kun odatdagidek oziqlanishi, yana ikki kun - nisbatan kamroq kaloriya (kuniga 500 kaloriyagacha) iste'mol qilishi kerak.

Bundan tashqari, 2014 yilda Amerika Milliy keksayish institutining neyrobiologiya labaratoriyasi boshlig‘i va Jon Xopkins universitetining Tibbiyot maktabi neyrobiologiya bo‘yicha professor Mark Mettson ochlikning foydasi haqidagi ma'ruza bilan chiqish qilgandi. Uning hayvonlarda o‘tkazgan tajribalari shuni ko‘rsatdiki, interval ochlik tana va miya faoliyatiga ijobiy ta'sir qilar ekan. Masalan, qon bosimini pasaytiradi va xotirani yaxshilaydi.

2016 yilda autofagiyani (organizm och paytida quvvat olish uchun o‘z hujayraviy resurslarini ishga tushiruvchi jarayon) o‘rganuvchi yaponiyalik molekulyar biolog Yesinori Osumi tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofotini olganidan keyin ochlikka bo‘lgan qiziqish yanada ortdi.

Kremniy vodiysi bioxakerlari

Ochlikning ijobiy ta'siri haqidagi g‘oyani Kremniy vodiysining IT-mutaxassislari ham ilgari surishdi, ular bioxaking - o‘z organizmi imkoniyatlarini yaxshilash va turli tajribalar yordamida umrni uzaytirishga bo‘lgan harakatlarga jismoniy ko‘rsatkichlarni nazorat qilishdan to tibbiy dori vositalarini qabul qilishga qiziqib qolishdi. Harakatning eng asosiy tashabbuskorlaridan biri - HVMN bioxaking kompaniyasi rahbari Jyeffri Vu, shuningdek Evernote hammuallifi, All Turtles venchur fondi CEO'si va Yevgeniy Kurdaning Replika startapi sarmoyadorlaridan biri Fil Libindir.

Foto: twitter.com/@geoffreywoo

"Ochlikning birinchi kuni shu qadar ovqatlangim keldiki, o‘lib qolaman deb o‘yladim. Ikkinchi kuni o‘zimni juda holdan toygandek his qildim. Biroq uchinchi kuni o‘rnimdan turganimda bu so‘nggi yigirma yildan beri o‘zimni eng yaxshi his qilgan kunim bo‘ldi", - deya tan oladi Libin The Guardian'ga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, ochlik umrni 40 yilga uzaytirishi mumkin. 2017 yilning boshida Vu o‘z kompaniyasi xodimlari va interval ochlik tarafdorlarini birlashtiruvchi WeFast jamiyati a'zolari bilan yetti kunlik "ochlik operatsiyasi"ni o‘tkazdi. Bugun bu jamiyatga bir necha minglab kishilar kiradi, bu asosan Kremniy vodiysining 20-30 yoshli ishlab chiqaruvchilaridir.

Bu haqiqatda foydalimi?

Ochlik hayot tarzini yaxshilashi va umrni uzaytirishi mumkinligi va hatto jiddiy kasalliklarning oldini olishiga asoslangan butun boshli startaplar bor. Bu, masalan, ProLon (longevity - uzoq umr so‘zidan) bo‘lib, u qattiq ochlik o‘rniga parhezga rioya qiluvchi besh kunlik dasturni taklif qiladi.

Shunday bo‘lsa-da, laborotoriya jonivorlari emas, odamlar haqida gapiradigan bo‘lsak, ochlikning foydasi isbotlanmagan. Sichqonlar va boshqa sut emizuvchilarda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, jonivorlar ochlik natijasida uzoqroq yashaydi va kamroq surunkali kasalliklarga ega bo‘ladi. Biroq odamlar ishtirokidagi tadqiqotlar ancha kam, ular sifat jihatidan yomonroq - shu bois ilmiy ishlardan hech qanday ishonchli xulosalar chiqarib bo‘lmaydi.

Yangi kuch va fikrlar teranligi

6 noyabr kuni HVMN bioxaking kompaniyasi o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan Ketone quvvatbaxsh ichimligiga buyurtma qabul qila boshlashi haqida e'lon qildi. Aytishlaricha, uning tarkibida go‘yoki ochlik vaqtida jigar tomonidan ishlab chiqariluvchi va energiya manbai bo‘lib xizmat qiluvchi ketonlar mavjud. Ketone ishlab chiqaruvchilarining so‘zlariga ko‘ra, ichimlik metabolizmni o‘zgartirishi va jismoniy imkoniyatlarni yaxshilashi, diqqatni jamlash xususiyatini yaxshilashi va quvvat baxsh etishi kerak.

Foto: instagram.com/hvmn

Ochlikmi yoki yo‘q?

Davomli bo‘lmagan ochlik (1-2 kunlik) odatda zarar qilmaydi. Masalan, Jyeffri Vuning aytishicha, u haftasiga 36 soatdan ochlik e'lon qiladi va uch oyda bir marta uch kun davomida och yuradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu unga o‘zining ochlik hissini yaxshiroq tushunishga va to‘yish jarayonini nazorat qilishga yordam bergan. Biroq ko‘p kunlab yoki haftalab och yurish xavfli: insonning ichki organlari vayron bo‘la boshlaydi, birinchi navbatda mushaklar, turli avitaminozlar va holdan toyishlar boshlanadi. Buning ustiga homiladorlik, oshqozon-ichak trakti va qandli diabet kasalliklarida har qanday turdagi ochlik taqiqlanadi. Ba'zi kishilarda ochlik migren xurujlarini qo‘zg‘atishi ham mumin.

Foto: instagram.com/healthfulpursuit

 

Mavzuga oid