Sudanning Shimoliy Darfur shtatidagi Tavila shaharchasida har kuni kamida 10 nafar bola ochlikdan vafot etadi. Undan 70 kilometr sharqda Shimoliy Darfur poytaxti Al-Fashir joylashgan. So‘nggi oylarda shahar qamal qilinib, urush o‘chog‘iga aylandi. U yerdan qochgan o‘n minglab odamlar esa boshpana uchun Tavilaga kelib, shaharchadagi yagona poliklinikani to‘ldirdi, deb hikoya qiladi The Guardian.
“Ochlikdan o‘layotgan bolalarning aniq soni ancha ko‘p deb o‘ylaymiz. Al-Fashirdan ko‘chirilganlarning ko‘pchiligi klinikamizdan uzoqda yashaydi va bu yerga yetib kelolmaydi”, — dedi Tavilani boshqaradigan fuqarolik ma’muriyatida sog‘liqni saqlash bo‘yicha mas’ul ayol Aisha Husayn Yaqub.
Ochlik yagona qotil emas. Bezgak, qizamiq va ko‘kyo‘tal ham o‘rmon yong‘inidek tez tarqalmoqda.
Husayn iyul oyining dastlabki ikki haftasida tug‘uruq paytida vafot etgan 19 nafar ayol haqida xabar kelganini aytdi. Yanada ko‘proq odamlar Al-Fashir, Abu-Shuk va Zamzam lagerlari yaqinidagi janglarda yaralanib, davolanmay halok bo‘ldi.
Al-Fashir bir necha oydan beri Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari (TQK) tomonidan qamal qilinmoqda. TQK ko‘ngillilar bilan birga Sudan armiyasi va uning ittifoqchilariga qarshi shafqatsiz fuqarolik urushi olib bormoqda.
Tavilaning o‘zida ham o‘tgan yili shiddatli janglar bo‘lib o‘tgan. Endilikda u Al-Fashirdan yagona chiqish joyi — shaharning g‘arbiy darvozasi orqali qochishga muvaffaq bo‘lgan qochoqlar uchun eng yaqin, nisbatan xavfsiz joy hisoblanadi.
Ko‘pchilik Tavila yo‘lida qurollangan to‘dalar hujumiga uchrab, halok bo‘ladi.
“Turmush o‘rtog‘imni Al-Fashirda qoldirib, bola bilan bu yerga qochib keldim”, — deydi 25 yoshli Xadil Ibrohim, uning ikki yoshli qizi Rital to‘yib ovqatlanmagani ortidan yurolmay qolgani uchun klinikaga yotqizilgan. “U harakatchan qizcha edi, yugurardi, boshqa bolalar bilan o‘ynardi”, — dedi Ibrohim. “Endi unga bir qarang. Mening pulim ham, ishim ham yo‘q”.

Al-Fashirdan qochib kelgan va anonim qolishni istagan yana bir ayol shunday dedi: “Bu yerda ovqat yo‘q; kuniga bir mahal yegulik topsangiz, omadingiz keladi. Al-Fashirda bir maromda hayot kechirardik; endi hamma narsamizni yo‘qotdik”.














