Jahon | 09:36 / 01.12.2017
12333
7 daqiqa o‘qiladi

O‘yinning yangi qoidalari. Qirg‘izistonda konstitutsiyaga jiddiy tuzatishlar kuchga kirmoqda

Foto: RIA «Novosti»

Qirg‘izistonda konstitutsiyaga bosh vazirning vakolatlarini kengaytirish evaziga davlat hokimiyatida vakolatlarini qayta taqsimlovchi qator tuzatishlar 1 dekabrdan kuchga kirdi.

Referendum

Qirg‘izistonda sobiq prezident Almazbek Atamboyevning tashabbusi bilan 2016 yil dekabr oyida asosiy qonunni o‘zgartirish to‘g‘risidagi umumxalq referendumi bo‘lib o‘tdi. Unda saylovchilarning 42 foizi ishtirok etdi, konstitutsiyani o‘zgartirish uchun 79,6 foiz ovoz berildi.

Hammasi bo‘lib, tuzatishlar taxminan 30 ta moddaga tegishli bo‘ldi. Asosiy qonundagi o‘zgarishlar to‘rtta muammolar blokini hal etishga qaratildi: hokimiyat tarmoqlarining o‘zaro aloqalari, huquqni muhofaza qilish va sud tizimini isloh qilish, qirg‘iz jamiyatida yuqori qadriyatlar tizimini shakllantirish va davlat qirg‘iz hamda rasmiy rus tilidagi matnlar o‘rtasida o‘zaro muvofiqlikni shakllantirish.

Xususan, asosiy qonundan shunday norma olib tashlandiki, unga muvofiq respublika inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar qarorlarini bajarishi va yetkazilgan zararni qoplash majburiyatini oladi. Bundan tashqari, bir jinsli nikohni istisno qilish va respublika fuqaroligidan muayyan hollarda mahrum qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi bandlar kiritildi.

Bundan tashqari, respublikadagi eng yirik oltin koni «Kumtor»ning o‘zlashtirilishida suiiste'molliklar, shuningdek, ekotsid, genotsid bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlar bo‘yicha belgilangan muddatning o‘tib ketishi bekor qilindi.

Mamlakatning sud tizimiga aloqador bo‘lgan o‘zgarishlar katta blokka aylandi. Xususan, sudyalarni endi Sudyalar kengashi huzuridagi intizom komissiyasining taklifi bo‘yicha javobgarlikka tortish mumkin. Qonunbuzarlik uchun ishdan bo‘shatilgan sudya barcha imtiyozlardan mahrum bo‘ladi va davlat xizmatida boshqa lavozimni egallay olmaydi. Bosh prokuratura vakolatlarini kengaytirish, xususan, nazorat mahkamasi qonunga rioya qilish holati bo‘yicha ustidan nazorat o‘rnatishi mumkin bo‘lgan davlat organlari ro‘yxatini kengaytirish rejalashtirilgan.

Qirg‘izistonning yangi konstitutsiyasi 2017 yilning 15 yanvaridan kuchga kirdi. Bunda bosh vazirning kadrlar bo‘yicha mustaqil qarorlar qabul qilish huquqini kengaytiruvchi beshta modda istisnoga aylandi. Yangi konstitutsiyaning mualliflari fikriga ko‘ra, ushbu moddalar o‘sha paytda prezident bo‘lib turgan Atamboyevning vakolatlari muddati tugagandan keyin, ya'ni 2017 yilning 1 dekabridan kuchga kirishi kerak.

Mamlakatda 15 oktabr kuni prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi, 24 noyabrda yangi prezident Sooronboy Jyeenbekov qasamyod keltirdi va rasmiy ravishda davlat rahbari lavozimini bajarishga kirishdi.

O‘yinning yangi qoidalari

1 dekabrda kuchga kiradigan tuzatishlar konstitutsiyaning beshta moddasiga ta'sir qiladi. Xususan, endilikda istalgan fraksiya uchun parlamentdagi ko‘pchilik koalitsiyasidan chiqish uchun shunchaki ko‘pchilikni emas, balki fraksiya deputatlari umumiy sonidan kamida uchdan ikki qismi ovozini olish talab etiladi. Shu bilan birga, fraksiyaning chiqish uchun ovoz bergan har bir a'zosi fraksiyaning tegishli qarorini shaxsan imzolashi kerak.

Mualliflarning fikriga ko‘ra, bu Jo‘qorg‘u Keneshda (120 o‘rinli mamlakat parlamenti) ko‘pchilik koalitsiyasining barqarorligini kuchaytiradi, va u bosh vazir nomzodini ko‘rsatadi hamda vazirlar mahkamasi tarkibini shakllantiriladi. Koalitsiyaning tarqalishi u tomonidan shakllantirilgan vazirlar mahkamasining avtomatik iste'fosini anglatadi. Shu bilan birga, bu koalitsiyaga kiruvchi kichik fraksiya yetakchilarining siyosiy qarashlari tufayli bir necha bora yuz bergan. O‘tgan olti yil ichida Qirg‘izistonda vazirlar mahkamasi tarkiblari o‘rtacha har 9-10 oyda o‘zgarib turdi. 

Konstitutsiyaning yana bir moddasi deputatlik mandatini bosh vazir, yoki uning o‘rinbosari lavozimi bilan birlashtirish imkoniyatiga tegishli. 1 dekabrdan parlamentariylar tarkibidan nomzodi ilgari surilgan bosh vazir yoki bosh vazirning o‘rinbosari, hukumatdagi o‘rindan mahrum bo‘lib, yana o‘zining deputatlik vakolatlariga to‘la hajmda qaytishi mumkin.

Shuningdek, tuzatishlarga ko‘ra, koalitsiya tarqab ketgan taqdirda parlament spikeri vakolati yana palataning ko‘pchilik ovozi bilan qayta tasdiqlanishi lozim.

O‘zgarishlar bosh vazirning mamlakat byudjyetini qabul qilishga ta'sir etish imkoniyatini kengaytiradi. Avval prezident parlament tomonidan qandaydir qonun qabul qilinsa, uni yoki bir davomida imzolashi, yoki qonun chiqaruvchilarga takroriy ko‘rib chiqish uchun o‘z e'tirozlari bilan qaytarishi lozim edi.

«Respublika byudjyeti, soliqlar to‘g‘risidagi qonunlarning imzolanishi majburiy, bunda bosh vazirning shunday qonunlarni imzo chekmasdan qaytarish bo‘yicha murojaati istisno sanalishi mumkin bo‘ladi», - deyiladi moddadagi o‘zgarishda.

Shunday qilib, bosh vazirga mamlakatning iqtisodiy siyosatini shakllantirishda o‘ziga xos «veto huquqi» taqdim etilmoqda.

Eng jiddiy o‘zgarishlar kadrlar almashinuviga taalluqli. Endi bosh vazir, prezidentning e'tirozlariga qaramasdan, o‘zini qoniqtirmagan koalitsion hukumatning a'zolarini mustaqil ravishda bo‘shatishi mumkin. Mudofaa va milliy xavfsizlik masalalariga mas'ul bo‘lgan mahkamalar boshliqlari uchun istisno qilinadi, ular prezident qarori bo‘yicha lavozimiga tayinlanadi va ozod etiladi.

«Prezidentning ko‘rsatilgan taqdimnomasi olinganidan keyin besh kun davomida hukumat a'zosini egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida farmon chiqarilmasa, bosh vazir parlamentdagi ko‘pchilik fraksiyalar yetakchilari bilan maslahatlashuvdan so‘ng o‘z qarori bilan hukumat a'zosini egallab turgan lavozimidan ozod qilish huquqiga ega», - deyiladi yangi moddada.

Qirg‘izistonning amaldagi konstitutsiyasi respublika 1991 yilda mustaqillikka erishganidan beri hisob bo‘yicha to‘qqizinchi bo‘ldi. Uni qabul qilish katta siyosiy mojarolar bilan kechgan, ular jamiyatda jiddiy ajralishlarga olib keldi. Kurmanbek Bakiyevning rejimi ag‘darilganidan so‘ng sobiq prezident Atamboyev bilan hokimiyat tepasiga kelgan vaqtinchalik hukumatning ba'zi a'zolari matni Venetsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlangan va konstitutsiyani 2020 yilga qadar o‘zgartirishni taqiqlovchi 2010 yilgi asosiy qonunga tuzatishlar kiritishga keskin qarshi chiqdi. 

Atamboyevning siyosiy muxoliflari asosiy qonunning navbatdagi o‘zgarishida hokimiyatni saqlab qolishga bo‘lgan urinishni ko‘rishdi. Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar bo‘yicha kelishmovchiliklar shu yilning kuzida Jo‘qorg‘u Keneshda ko‘pchilik koalitsiyasining parchalanishi va keyinchalik hukumatning iste'fosiga olib keldi.

Mavzuga oid