Jamiyat | 13:45 / 14.01.2018
17756
4 daqiqa o‘qiladi

Yozuvchi Nosir Fozilov olamdan o‘tdi

Foto: Qadriyat.uz

13 yanvar kuni taniqli adib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi, o‘zbek adabiyoti zahmatkashlaridan biri Nosir Fozilov kasalxonada 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda o‘zbekistonlik shoir Xurshid Davron o‘z sahifasida xabar bergan.

«El-yurt hurmati» ordeni sohibi, Davlat mukofoti, «Tinchlik va ma'naviy hamjihatlik uchun» xalqaro mukofoti (Qozog‘iston) sovrindori — yozuvchi, tarjimon va muharrir Nosir Fozilov o‘zbek adabiyotiga XX asrning 50-yillari ikkinchi yarmida kirib kelgan, o‘tgan vaqt davomida 70dan ortiq kitob chop ettirgan. Shundan 30ga yaqini mualliflik asarlari bo‘lib, qolganlari tarjima kitoblardir.

Nosir Fozilov 1929 yili Qozog‘istonning Chimkent viloyatiga qarashli Turkiston tumanidagi Koriz qishlog‘ida tavallud topgan. Bolaligi urush davriga to‘g‘ri kelgani, ham o‘qib, ham ishlagani bois tengdoshlaridan ancha kech, 1949 yili o‘rta maktabni tugatgan. So‘ng Toshkentga kelib, dorilfununga o‘qishga kirgan, 1954 yili oliy ta'limni tamomlagan. «Gulxan», «Sharq yulduzi» kabi jurnallarda va «Yosh gvardiya», G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyotlarida turli lavozimlarda ishlagan.

Adibning birinchi hikoyasi «Lenin uchquni» gazetasida 1953 yili bosilgan bo‘lsa, birinchi kitobi 1959 yili «Irmoq» nomi bilan chop qilingan. So‘ngra «Oqim» (1962), «Robinzonlar» (1964), «Qush qanoti bilan» (1965), «Qorxat» (1968), «Ko‘klam qissalari» (1970), «Diydor», (1979), «Tanlangan asarlar» 2 jildlik (1983—84), «Bolaligim — poshsholigim» (1989), «Bir otar to‘pponcha» (1995) kabi o‘nlab kitoblari nashrdan chiqqan.

Nosir Fozilov tarjimon sifatida ham samarali ijod qilgan. Abay, Muxtor Avezov, Sobir Muqonov, G‘abit Musrepov, G‘abiden Mustafin, Abdulla Tojiboyev, Abdijalil Nurpeisov kabi ko‘plab qozoq adiblari asarlarini o‘zbekchaga o‘girgan. Qirg‘iz, qoraqalpoq va boshqa tillardan ham ko‘plab sara asarlarni o‘zbekchalashtirgan.

Yozuvchiga 1985 yili «Shum bolaning nabiralari» kitobi uchun O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining G‘afur G‘ulom nomidagi, 1986 yili qozoq adabiyotidan qilgan tarjimalari uchun Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasining Bayimbet Maylin nomidagi, «Ustozlar davrasida» asari uchun esa Hamza nomidagi Davlat mukofoti berilgan. 1994 yili Qozog‘iston prezidenti ta'sis etgan «Tinchlik va ma'naviy hamjihatlik uchun» xalqaro mukofoti sovrindori bo‘lgan. 1990 yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san'at arbobi» unvoni, 1999 yili «El-yurt hurmati» ordeni, 2011 yili esa «Topdimu yo‘qotmadim» kitobi uchun Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.