O‘zbekiston | 22:10 / 15.01.2018
47620
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab direktori jamg‘armasi va o‘qituvchilarning pedagogik yuklamasi bekor qilinishi mumkin

Barcha umumta'lim muassasalarda direktor jamg‘armasi tugatilishi va pedagog xodimlarni moddiy rag‘batlantirishning yangi mexanizmi ishlab chiqilishi kutilmoqda. Bu Kun.uz muxbiri Xalq ta'limi vazirligidagi axborot manbasiga asoslanib xabar berdi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 275-sonli «Umumta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi to‘g‘risida»gi Nizomning 6-bandiga muvofiq, direktor jamg‘armasi umumta'lim muassasasi mehnatga haq to‘lash fondining 15 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda tashkil etgan. Ya'ni, tajribali va namunali o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish mexanizmi sifatida direktor jamg‘armasidan oylik maoshiga qo‘shimcha mablag‘ qo‘shib berish belgilangandi.​

Ammo, direktor jamg‘armasi tomonidan ajratiladigan pedagog xodimlarni rag‘batlantiruvchi mablag‘lar so‘nggi paytda sohadagi qog‘ozbozlik, ayrim hollarda «mahalliychilik», «guruhbozliklarni» keltirib chiqargani sir emas. Shu sababdan mutasaddi xodimlar direktor jamg‘armasi o‘rniga zamon talablariga javob beradigan mexanizmni ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda.

Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan axborot manbasining aytishicha, «​bundan keyin, pedagog xodimlarni moddiy rag‘batlantirish ishlarida asosiy mezon sifatida qaralgan pedagogik yuklama haqidagi hisobot varoqlari o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mas'ul xodimlari mazkur vazifa bilan shug‘ullanadi»​.