O‘zbekiston | 17:10 / 01.02.2018
35310
3 daqiqa o‘qiladi

Notarius xizmatlari uchun to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish mumkin bo‘ladi

So‘nggi paytlarda notariuslar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati aholini qoniqtirmayotganligi yuzasidan ko‘plab e'tirozlar bo‘lmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ham notariuslarning faoliyatiga alohida to‘xtalib, soha vakillari jiddiy tanqid qilindi.

Shu bilan birga, notarial idoralar xodimlari tomonidan fuqarolardan belgilanganidan ortiqcha pul mablag‘lari talab qilinayotganligi haqida Prezidentning virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Adliya vazirligi axborot xizmatining bildirishicha, mazkur holatlar sohani yanada takomillashtirish, tizimli kamchiliklarni bartaraf etish va kechiktirib bo‘lmas choralar ko‘rish lozimligini taqozo etadi.

Ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, shuningdek korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida joriy yilning 1 fevralidan Adliya vazirligi tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun davlat boji va boshqa to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish mexanizmi joriy etildi. Endilikda fuqarolar notarial harakatlarni amalga oshirish maqsadida notarial idoralarga murojaat etganda, davlat boji va boshqa to‘lovlarni mobil telefonlar imkoniyatidan foydalangan holda to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish mumkin bo‘ladi va bunda albatta inson omili cheklanadi. Bu jarayonda QR kodlardan foydalanish imkoniyati ham yaratildi.

Foto: Adliya vazirligi

Hozirda to‘lovni UPAY servisi orqali amalga oshirish mumkin. Yaqin vaqt orasida PayMe, Click va boshqa to‘lov dasturlarida ham tegishli xizmat ishga tushiriladi.

Foto: Adliya vazirligi

Notarial harakatlar uchun qancha boj to‘lanishi kompyuter tomonidan avtomatik ravishda shakllantiriladi, to‘lov kvitansiyalari alohida yozilmaydi. Shu bilan birga, fuqarolarga qulay va tushunarli bo‘lishi uchun yagona andozada to‘lov kvitansiyasi joriy qilindi.

To‘lovlar bank kassalari yoki mobil telefonlar orqali amalga oshirilishidan qat'i nazar, bu haqdagi ma'lumot “Notarius” axborot tizimida onlayn tarzda aks ettiriladi.

Endilikda fuqarolar davlat boji va boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun kassalarda navbat kutib turishi keskin kamayadi, fuqarolardan belgilanganidan ortiqcha pul mablag‘lari talab etilishi holatlariga barham beriladi.

Joriy etilgan yangilik aholiga qulaylik yaratishi bilan birga huquqiy xizmat ko‘rsatish jarayonida sifat va tezkorlikni ta'minlaydi hamda korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.

Foto: Adliya vazirligi

Mavzuga oid