O‘zbek futboli tizimida qurbon bo‘layotgan «Dinamo». Samarqandga futbol kerak emasmi?
O‘zbekistonda yangi futbol mavsumi oldidan barcha klublar yangicha ko‘rinishdagi futbol mavsumiga xush kayfiyatda tayyorgarlikka zo‘r berayotgan, muxlislar esa futbol bayramini o‘zgacha intiqlik bilan kutayotgan bir paytda, Samarqand futbolining bugungi holati minglab samarqandlik muxlislarning dilini xira qilmoqda. Xususan, viloyatning bosh va yagona professional futbol klubi «Dinamo»ning ayni damdagi holati shu darajaga yetib keldiki, jamoa e'tibor va yangi islohotlarga muhtoj.
BUGUNGI HOLAT
Bahorda start oladigan yangi futbol mavsumiga mamlakatimizning barcha klublari o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda xorijda yoki yurtimizda tayyorgarlik ishlarini puxta olib borayotgan bir vaqtda «Dinamo» so‘nggi 10 yillikdagi eng og‘ir damlarni boshdan kechirmoqda.
Jamoaning futbolchilari oldida avgust oyidan buyon qarzdorlik holati mavjud ekanligi va haligacha hisob-kitob qilinmayotgani bois tarkibni bir qator futbolchilar tark etmoqda. Shunga qaramay, murabbiylar jamoa bilan mashg‘ulotlarni og‘ir sharoitlarda o‘tkazishda davom etishmoqda. Samarqandning bosh klubi o‘tgan mavsumda Oliy Liga klublari orasida yillik byudjyet smetasiga ko‘ra ham eng kamtar klublardan biri bo‘lsada, nega jamoa oldida katta qarzdorlik holati yuzaga keldi? Axir, 2017 yilgi futbol mavsumi oldidan xalq deputatlari viloyat kengashi navbatdan tashqari sessiyasida klubning yillik smetasi viloyat hokimi tomonidan tasdiqdan o‘tgan bo‘lsa, nima uchun avgust oyidan buyon oylik-maoshlar futbolchilarga yetib bormayapti?
Suyukli jamoalariga e'tibor, kerak bo‘lsa klubni yangidan isloh qilish borasida samarqandlik faxriy va jonkuyar muxlislar ikki oydan buyon O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi va bir qator tegishli tashkilotlarga rasmiy xat bilan murojaat qilishgan bo‘lishsada, tayinli javob berilmayapti. Vaqt o‘tishi bilan esa Samarqand futboli, xususan «Dinamo»ning ahvoli to‘shakka mixlangan bemor singari tobora og‘irlashmoqda. Muxlislar esa najot kemasini qaysi tomondan kutishni bilmay halak.
BOY(GA) BeRILAYoTGAN IQTIDORLAR…
Eng afsuslanarlisi, mana necha yildirki «Dinamo» o‘z iqtidorlarini aynan moliyaviy imkoniyatlari sabab tarkibida ushlab qololmay, futbolchilar moddiy imkoniyati yaxshi bo‘lgan boshqa jamoalarning taklifini qabul qilishga majbur bo‘lishmoqda. Birgina ayni holatni gapiradigan bo‘lsak, Samarqand futboli tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Iskandar Xolmirzayev moliyaviy yaxshi taklif bo‘lgani uchun Samarqandning bosh jamoasini tark etib, yurtimizning kichik tumanlaridan biri, ammo moliyaviy baquvvat sanalmish Muborakning «Mash'al» klubiga o‘tdi. Shuningdek, jamoa aynan shu muammo sababli o‘z tarbiyalanuvchisi bo‘lmish bugungi yetakchilari Amirjon Safarov va Jasur Azimovni o‘z tarkibida saqlay olmayapti. Oylik maoshini ololmayotgan ayni navqiron yoshdagi futbolchilar Superligaga qaytarilgan Farg‘onaning «Neftchi» klubi safiga borib qo‘shilishdi. Xo‘sh, samarqandlik 24-25 yoshli futbolchilar Samarqandni tashlab, nega kelajagini Farg‘onada ko‘rmoqda? Futbolda Samarqandning Farg‘onadan nimasi kam?
TAQSIMOT TAQQOSI
Keling, shu o‘rinda bir taqqoslasak:
1960 va 1962 yilda tashkil topgan «Dinamo» va «Neftchi» 50 yildan ortiq vaqt davomida maydonda prinsipial raqib sifatida halol kurashib kelayotgan bo‘lsada, e'tibor borasida ko‘hna shahar vodiy klubidan ancha ortda. Maydondaku, o‘tgan 2017 yilgi mavsumda «Dinamo» «Neftchi»ni ikki uchrashuvda ham - Samarqandda 1:0, Farg‘onada 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Ammo «maydon tashqarisida»gi e'tiborsizlik natijasida Samarqand futboli rahbariyati Farg‘ona futboli rahbariyatiga mag‘lub bo‘lganligini 12-o‘rindagi «Dinamo» emas, 15-o‘rindagi «Neftchi» Superligada olib qolingani bilan isbotlandi, deyish mubolag‘a emas. Yillik byudjyeti jihatdan «Dinamo» o‘zidan bir barobar ustun bo‘lgan «Neftchi»ni halol kurashda mag‘lub etib ham Superligadan joy ololmayaptimi, demak, azizlar, ayb futbolchida emas, «Dinamo» o‘zbek futboli tizimi qurboni bo‘layotganida.
Nega? Tushuntiraman:
Sababi, O‘FA (O‘FF) «Dinamo»ni emas, «Neftchi»ni Superligada olib qolishida Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionining Samarqanddagi «Dinamo» stadionidan ustunligini ko‘ra oldi. Bunga qanday erishildi? Javob oddiy - 2011 yil 19 yanvarda qabul qilingan «2011-2013 yillarda respublikada futbolni rivojlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, Samarqand viloyat hokimiyati va O‘FFning mablag‘lari evaziga 2011 yilda Samarqandda umumiy xarajati 7 milliard so‘m mablag‘ evaziga «Dinamo» stadioni rekonstruksiya qilinib, stadionda tomoshabin sig‘imi 16 mingdan 13 000ga qisqartildi. Shu darajada mablag‘ «tejaldiki», hozirgacha o‘yin payti o‘yingohdagi elektron tabloda hisobni ko‘ra olish amri mahol, kechqurun esa o‘yin o‘tkazib bo‘lmaydi – yoritgichlar 1200 lyuks talabida emas. Aslida esa stadionda 600 million so‘m evaziga katta ekran qo‘yilishi, yoritgichlar esa talab darajasiga yetkazilishi lozim edi. O‘yingoh topshirilishida esa «mendan ketguncha, egasiga yetguncha» qabilidi ish tutilgan. Na bir nazoratchi tekshirgan, na bir futbolga mas'ul rahbar nazorat qilgan.
Aynan o‘sha qarorga ko‘ra, Farg‘ona viloyati hokimiyati va O‘FF mablag‘lari evaziga 2015 yilda Farg‘onada 73 milliard so‘m evaziga sig‘imi 20 ming tomoshabingacha kengaytirilgan yangi «Istiqlol» stadioni, 21 milliard so‘m evaziga esa futbol maktabi qad rostladiki, viloyat rahbarlarining futbolga qiziqishi bugunga kelib «Neftchi» va farg‘onalik muxlislarning yutug‘iga aylanib qoldi. Farqni ko‘rayapsizmi?
Taqqoslash uchun yana bir ma'lumot: birgina so‘nggi 2017 yilni olsak, O‘zbekiston chempionatida Farg‘ona viloyatidan jami 5ta klub, Oliy Ligada – «Neftchi» va «Qo‘qon-1912», Birinchi ligada esa «Tsementchi», «Istiqlol» va «Yozyovon» klublari ishtirok etgan. Viloyatning beshta klubidagi moliyaviy holat shu daraja ta'minlanganki, «Neftchi» yakunda 15-o‘rinni olgan bo‘lsada yil boshidagi yig‘inlarni Turkiyada, hattoki quyi liga chempioni «Tsementchi» klubi ham Turkiyada yig‘in tashkil etgan, «Istiqlol» esa yaxshi tarkib yig‘ib Oliy Ligaga chiqishiga bir baxya qolgandi.
Bu borada Samarqand viloyati sharafini 2017 yilda birgina «Dinamo» himoya qilgan va Turkiya nari tursin, mavsum oldidan Toshkentda ham zo‘rg‘a yig‘in tashkil etgan. Viloyatda futbol rivojiga panja ortidan qaralayotganiga nima sabab? Axir, Samarqandda moliyaviy baquvvat tashkilotlar aytaylik, Farg‘onadan kam emasku? Yoki minglab muxlislarga ega klubni hokimiyat qaramog‘idan olib, zamonaviy shaklda boshqarish, o‘z-o‘zini ta'minlash yo‘liga o‘tkazib berish vaqti yetmadimikan?
«HOKIM FUTBOLGA QIZIQARMIKAN…»
Endi e'tibor bering, aynan viloyat hokimining futbolga qiziqishi darajasi bois mamlakatimizda eng ko‘p – 3,7 million aholiga ega viloyatning yagona jamoasi «Dinamo» inqirozli holatda, aholi soni jihatidan Samarqanddan keyingi o‘rindagi (3,6 mln.) Farg‘onada esa futbol rahbarlarining qiziqish doirasi kuchliligi bois, hudud sharafini 5ta klub himoya qilishda davom etmoqda. Paradoks esa shundaki, 2017 yil yakunlariga ko‘ra Farg‘onada «Neftchi»ning har bir o‘yiniga o‘rtacha 2423 tomoshabin, Samarqandda esa «Dinamo»ning har o‘yiniga o‘rtacha 7642 tomoshabin kelgan.
Savol tug‘iladi, O‘zbekistonning barcha klublarini davlat moliyalashtirar ekan, nega bu borada adolatli taqsimot va nazorat haligacha yo‘q? Qachongacha katta viloyatlarning butun futboli, minglab muxlislarning xohish-istagi birgina viloyat hokimining futbolga qiziqish yoki qiziqmasligi doirasida qolaveradi? Umuman, viloyat hokimlarining avtomatik tarzda Viloyat Futbol Federatsiyalari prezidentiga aylanishlari futbolimiz tizimidagi eng katta xato emasmi? Har holda qiziqsa yaxshi, ammo qiziqmasa butun viloyat futboli boshqaruvini «millionlar o‘yini»ga aloqador bo‘lmagan rahbarga topshirib qo‘yish qanchalik to‘g‘ri? Har holda hokimlarning futboldan boshqa tashvishlari shusiz ham yetarli. Futbol muxlisi esa har bir hududda hokim o‘zgargan payt tashvishga tushadi: «Ishqilib, hokim futbolga qiziqarmikan?» deb…
«DINAMO» NeGA SUPeRLIGADA QOLDIRILMADI?
Keling, kezi kelganda muxlislarni o‘ylantirayotgan ushbu savolga javob izlasak. Hech shubhasizki, O‘FFning yangi talablari o‘zbek futbolini yangi bosqichga olib chiqishi uchun xizmat qilsada, Samarqand klubining Superligadan tushirib yuborilishi samarqandlik muxlislarni karaxt ahvolga solib qo‘ydi. O‘FFning bir oy oldingi prezidenti Umid Ahmadjonov Jizzax va Farg‘onadagi holat bilan tanishgach, «Dinamo»dan keyingi 13-14-o‘rinda bo‘lgan «So‘g‘diyona» va «Neftchi» klublari yana sport prinsiplariga zid ravishda Superligaga qaytarildi. Aslida bu borada O‘FF rahbari shaxsan o‘zi Samarqanddagi holat bilan ham tanishib, mamlakat futboli rivojiga mas'ul shaxs sifatida viloyat futbolining holati bilan qiziqishi va aynan qaysi ustun jihatlari evaziga Jizzax va Farg‘ona klublari elitaga qaytarilganligini rasman e'lon qilishi maqsadga muvofiq emasmidi? Kim Superligada qolishi Reglamentga binoan maydondagi kurash bilan emas, kabinetda hal bo‘lishi qaysi adolat mezonlariga to‘g‘ri keladi?
FUTBOL AVVALO KIM UChUN?
Futbolimiz rahbarlari har bir yig‘ilish yoki anjumanlarda «Futbol avvalo muxlis uchun» deyishdan charchashmasada, amalda buning aksini ko‘rayotgandekmiz. Jumladan, o‘tgan 2017 yilda Samarqanddagi «Dinamo»ning har bir uchrashuviga stadionda yil davomida o‘rtacha 7642 nafar tomoshabin tashrif buyurgan. Xususan, 2017 yilgi mavsumda «Dinamo» stadionida jami 114 630 tomoshabin «Dinamo» ijrosidagi uy uchrashuvini bevosita tomosha qilgan. «Dinamo» jamoasi 12-o‘rinda bo‘lsada, muxlis yig‘ish borasida samarqandlik ishqibozlar O‘zbekistonda doimo kuchli uchtalikda bo‘lishgan. Bu yil ham Buxoro va Namangandagi stadiondan keyin eng ko‘p muxlis aynan Samarqanddagi o‘yinlarga tashrif buyurgan.
Taqqoslash uchun, Toshkentning moliyaviy ancha baquvvat sanalmish 3 klubi – «Paxtakor» (o‘rtacha 4207 tomoshabin), «Lokomotiv» (o‘rtacha 1400 tomoshabin), «Bunyodkor» (o‘rtacha 867 tomoshabin) va «Obod» (o‘rtacha 672 tomoshabin) jamoalarining 1 yillik umumiy tomoshabinlari soni – 107 190 tomoshabin ekanligini inobatga olsak, bu birgina «Dinamo»ning yillik 114 630 ko‘rsatkichidan kam. Raqamlar aldamaydi, janoblar. Poytaxtda 1000 muxlisni stadionga qaytaramiz deymiz-u, aslida shoshilinch qarorlar bilan viloyatlarda minglab muxlislarni katta futboldan ayirayapmiz.
«FUTBOLGA ENDI O‘ZIM QARAYMAN»
Samarqand futbolidagi qorong‘u zimistonlikni shamdek yorug‘likda umid uchqunlari hadya etayotgan voqelik bu, muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Osiyo Chempionatidan chempionlik bilan qaytgan yoshlar terma jamoamiz haqida iliq fikrlar bildirib, «Futbol korrupsiyasiz, adolat bilan qanday natijaga erishish mumkinligini ko‘rsatdi, endi futbolga o‘zim qarayman», deya ta'kidlaganlari bo‘ldi.
Qolaversa, O‘FA yangi rahbari Ochilboy Ramatovning futbolni faqat poytaxtda emas, mamlakat bo‘ylab rivojlantirish lozimligi haqida qayg‘urib, bu borada yaqin vaqt ichida ishlar boshlashini ma'lum qilgani quvonarli.
Samarqand futboli, xususan, viloyatning yagona klubi «Dinamo»dagi ahvolni o‘rganish va o‘nglash borasida viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayevdan tanqidiy va tahliliy yondashuv bilan birga, minglab muxlislarga ega jamoaga e'tiborni oshirish borasida amaliy ishlar kutilayapti. Har holda hattoki mamlakatimizning birinchi yetakchisi futbolga jiddiy e'tibor berayotgan bir paytda, viloyat rahbarlari xalqning kayfiyatini belgilovchi, mamlakatni tanitadigan, yosh avlodni barkamolikka boshlaydigan ulkan ishga yelkadosh bo‘lishsa qanday chiroyli. Umidimiz, qisqa vaqt ichida Turobjon Ikromovich rahbarligida viloyat iqtisodiy-ijtimoiy hayotida sezilarli yutuqlarga erishilgani kabi, futbolda ham jiddiy turtki kuzatiladi. Umuman, yil boshida klub byudjyeti e'lon qilingach, moliyaviy shaffoflik ham ta'minlansa, futbolni faqat 2-3 kishi emas, jamiyat nazorat qilishi ta'minlanar, korrupsiyaga yo‘l qo‘yilmasdi.
Mavsum boshlanishiga bir oydan kam vaqt qolgan bir paytda viloyat futboli rivoji bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan «Dinamo»ning endi Superliga emas, hattoki Pro-Ligada ham taqdiri so‘roq ostida qolayotgani inqirozli holatdir. Bu yil 58 yoshni qarshi oladigan «Dinamo»ning ahvoli tobora og‘irlashib borayotgani, futbolchi va muxlislarning g‘amgin holatiga shunchaki jim qarab tura olmay, Samarqand futbolining bugungi kuniga ko‘zgu tutdim. Oynadagi aks har qancha og‘ir botmasin, ko‘zguni tutgan kamina uchun haqiqat achchiq bo‘lsada, uning qadr-qiymati qimmat va qadrliroqdir.
Usmon IBODOV
Mavzuga oid
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
15:06 / 01.11.2024
Samarqand viloyatida isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlandi
10:59 / 25.10.2024
Samarqand viloyati aholisi 4,3 mln kishiga yaqinlashdi
15:49 / 02.10.2024