Jahon | 01:50 / 09.02.2018
17503
4 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston O‘zbekistondan tovar olib kirishning cheklangan me'yorini oshirishni so‘ramoqda

Foto: Sputnik Kyrgyzstan

Qirg‘iziston O‘zbekistondan jismoniy shaxslarga nisbatan joriy etilgan, bojxona to‘lovlarisiz shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan tovar olib kirishning cheklangan me'yorini 1 ming AQSh dollarigacha oshirishni so‘ramoqda. Bu haqda Qirg‘iziston iqtisodiyot vaziri Artyom Novikov O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev bilan uchrashuvida bayon qilgan, deb yozadi 24.kg.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 fevraldagi «Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra:

  • O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 2000 (ikki ming) AQSh dollari miqdorida;
  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi temir yo‘l va daryo o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 1000 (bir ming) AQSh dollari miqdorida;
  • O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidagi avtomobil yo‘li (piyodalar yo‘li) o‘tkazish punktlari orqali bojxona chegarasini kesib o‘tganda – 300 (uch yuz) AQSh dollari miqdorida belgilangan.

Ayni paytda bir qator qirg‘iz mahsulotlari (masalan, mineral suv, qandolat mahsulotlari)dan aksiz olinishi davom etmoqda. Uning stavkalari ham yuqori — qiymatining 20 foizidan 50 foizigacha va bu Qirg‘iziston ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining O‘zbekiston bozorlarida raqobatbardoshligini pasaytiradi.

2017 yilning 6 oktabrida «Kelechek» YoAJ va «Xonobod savdo hamkori» MChJ o‘rtasida «Jalolbod 27» shifobaxsh mineral suvini yetkazib berish bo‘yicha 3 million AQSh dollariga teng shartnoma imzolangan edi. Biroq O‘zbekistondagi aksiz solig‘i bilan bog‘liq masalalar hal bo‘lmagani sababli bu ish hanuzgacha amalga oshgani yo‘q. Qirg‘iz iqtisodiyot vaziri o‘zbekistonlik hamkasbidan muammoni hal qilishda ko‘mak so‘radi.

Bundan tashqari, Artyom Novikov «Avtomash radiator» MChJ va «O‘zmetkombinat» AJ o‘rtasida jyez lenta va mis folga yetkazib berish bo‘yicha «Ayil bank» OAJning kafolatlari ostida shartnoma tuzishda ko‘mak ko‘rsatishni so‘radi.

Ikki korxona o‘rtasida 2018 yilda 1,2 ming tonna (6 mln dollarlik) mis-jyez prokati yetkazib bo‘yicha yangi shartnoma imzolanishi kutilmoqda.

«O‘zmetkombinat» AJ oldindan to‘lov asosida shartnoma imzolashni taklif qilmoqda. Biroq «Avtomash-radiator» uchun yetkazib berish hajmi ortishi munosabati bilan bunday sxema moliyaviy jihatdan og‘ir. Qirg‘iziston zavodi shartnomani «Ayil bank» kafolatlari ostida to‘lovni (90-180 kunga) ortga surishni taklif qilmoqda.

«Chuyuraltransservis» MChJ bariy konsentratini O‘zbekistonga yetkazib berishni qayta tiklashdan manfaatdor. Bundan tashqari, qirg‘iz korxonalari Qirg‘izistonda ayni paytda faoliyat ko‘rsatayotgan qo‘shma ishlab chiqarish, turib qolgan va sotuvga qo‘yilgan korxonalar asosida savdo-logistika yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif etishdi.

Mavzuga oid