Jahon | 20:20 / 12.10.2024
2733
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston xavfsizlik qo‘mitasi rahbari xodimlariga 5-6 farzandli bo‘lishni buyurdi

Qamchibek Tashiyev xodimlariga murojaat qilib, xotinlarni ko‘proq bola tug‘ishga chaqirdi. «Shunda Qirg‘iziston gullab-yashnaydi», dedi u.

Foto: Kaktus.media

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Qamchibek Tashiyev O‘sh shahridagi bolalar bog‘chasining ochilish marosimida so‘zlagan nutqida o‘z xodimlari va ularning rafiqasi oldiga «imkon qadar ko‘proq bolali bo‘lish» vazifasini qo‘ydi.

Tashiyev o‘z nutqida «Davlat tomonidan xodimlarning yashash va mehnat sharoitlari yaxshilanmoqda, ish haqi oshirilmoqda, shuning uchun sizlar bor kuchingiz, bilimingiz, kasbiy fazilatlaringizni kechayu kunduz milliy xavfsizlikni ta’minlashga yo‘naltirishingiz zarur», deb ta’kidladi.

Shuningdek, u xodimlarining xotiniga ham murojaat qildi.

«Eringizga yaxshi g‘amxo‘rlik qiling, agar ular kechqurun yoki hatto ertalab kelsa, to‘g‘ri tushuning. Ular juda murakkab ishda xizmat qilmoqda. Shunday ekan, sizlarga rahmat, alohida rahmat. Sog‘lom bo‘ling, farzandlaringizni yaxshi tarbiyalang. Har bir oilada kamida 5-6 bola bo‘lishi kerak. Shunda Qirg‘iziston gullab-yashnaydi. Turmush qurganingizdan so‘ng, yoshingiz va sog‘lig‘ingiz imkon beradi, tug‘ing, ko‘proq tug‘ing! Bizning xodimlar esa hamma narsani ta’minlaydi: uy, pul. Ular buni eplaydi», dedi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.

Qirg‘iziston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda ayollar o‘rtacha hisobda uch va undan ortiq, qishloqlarda esa 4 va undan ortiq bola tug‘adi. Tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti reproduktiv yoshdagi ayolga 3,0 bolani tashkil etadi.

Mavzuga oid