O‘zbekiston | 12:10 / 23.02.2018
20861
5 daqiqa o‘qiladi

Infografika. O‘zbekiston aholisi tarkibida 16 xil gaploguruh mavjud

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida ekspert tekshiruvlari bilan bir qatorda zamonaviy texnologiyalar va fan yutuqlariga asoslangan bir qancha  ilmiy tadqiqot ishlari ham olib borilmoqda. Xususan, o‘zbek populyatsiyasi bo‘yicha Y-xromosoma  xilma-xilligi va o‘zgaruvchanligini  o‘rganishga doir tadqiqot ishlari o‘tkazildi.

Ma'lumki, Y-xromosoma  organizmning erkak genetik jinsini belgilaydi. 2002 yilda Y-xromosoma  bo‘yicha butun jahon konsorsiumi tomonidan Y-xromosoma chiziqlari umumiy klassifikatsiyasi va nomenklaturasi ishlab chiqildi. A dan R harflarigacha belgilanadigan 16 xil asosiy guruhlar ajratildi. Harflar ketma-ketligi mazkur guruhlarning paydo bo‘lish tartibini ko‘rsatadi va ular gaploguruhlar deb nomlanadi.

Y-xromosoma genetik xususiyatlari ota avlod bo‘yicha irsiylanadi, ya'ni otadan o‘g‘il farzandlarga o‘zgarmas holda o‘tadi.

Y-xromosoma xususiyatlariga ko‘ra, odamning genetik xilma-xilligini, uning kelib chiqishini va geografik jihatdan tarqalishini o‘rganishda qulay va axborotga boy manba hisoblanadi.

3 yil davomida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida sud ekspertizasi markazi mutaxassislari tomonidan respublikaning turli viloyatlarida istiqomat qiluvchi va turli oilaga mansub bo‘lgan 1000 nafar erkak genetik jinsidagi aholi Y-xromosomasi o‘rganildi va mamlakatimiz tub aholisi populyatsiyasining Y-xromosomasi bo‘yicha biologik kolleksiyasi yig‘ildi.

Olingan natijalar dunyo miqyosida katta amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda Y-xromosoma gaploguruhlarining tarqalishini aniqlashga imkon beradi.

Shuni qayd etish joizki, Markaziy Osiyo aholisi Y-xromosoma bo‘yicha katta xilma-xillikka ega. Mintaqa xalqlarining genofondini shakllantirgan ko‘plab populyatsion-demografik voqealar bu mintaqaning etnik populyatsiyalarida Yevroosiyoning ham g‘arbiy ham sharqiy belgilarini ko‘rsatadi.

Xususan, mazkur mintaqa davlatchiligining tarixi minglab yillarni o‘z ichiga oladi. Ularga Ahamoniylar hukmdorligi davri (Eron), Aleksandr Makedonskiy istilosidan keyin So‘g‘diyonada boshlangan ellinizm davri, Kushon hoqonligi, Eftaliylar davlati, Turk xoqonligi, Arab istilosi, Tohiriylar, Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar davlati, mo‘g‘ul istilosi, Temuriylar davlati, Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolasi misol bo‘ladi. Shuningdek, mazkur mintaqaning Buyuk ipak yo‘lida joylashgani xalqlarning genofondiga o‘z ta'sirini ko‘rsatgan.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston tub aholisining genofondida S va O Sharqiy Yevropa liniyalari ko‘proq uchrashi aniqlangan. Shu bilan birga, bir qancha belgilariga ko‘ra, qirg‘izlar Janubiy Sibir (oltoy va tuva) xalqlariga yaqin turadi. Bu esa ularning oltoy-sayanlardan kelib chiqqani to‘g‘risidagi nazariyani tasdiqlaydi.

Tojik va o‘zbek erkak jinsidagi shaxslar genetik pasportining o‘ziga xos jixati ularda hind-eron genofondi tarkibiy qismi bo‘lmish L-gaploguruhining mavjudligi hisoblanadi.

O‘zbeklar genofondida Sharqiy Yevropa liniyalari ham aks etgan.

Umuman olganda, dunyo xaritasidagi Markaziy Osiyo mintaqasi hind-yevropa va mo‘g‘ul gaploguruhlarining tarqalishi bilan belgilangan.

O‘tkazilgan tadqiqot natijalari bu ma'lumotlarni tasdiqladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi tub erkak jinsidagi aholi o‘rtasida 16 xil gaploguruh mavjudligi (C, D, E, F, G, H, I, J, K, L, N, O, P, Q, R, T) aniqlandi.

Bu gaploguruhlarning bugungi kundagi tarqalish o‘choqlariga Mo‘g‘uliston, G‘arbiy Tibet, Shimoliy Afrika, Arab yarimoroli, Bolqon yarimoroli, Hindiston, Iroq, Sibir, Shimoliy-sharqiy va Janubiy-sharqiy Osiyo, Xitoy, Koreya, Yaponiya, Oltoy va Yevropa kiradi.

Respublikamizning barcha viloyatlarida R (hind-yevropa) va S (mo‘g‘ul) gaploguruhlarining ustunlik qilishi, ya'ni ko‘p uchrashi aniqlandi.

Shu bilan birga, tekshiruvlar davomida Yaqin Sharq mintaqasidan kelib chiqishga ega bo‘lgan J (arab-semit) gaploguruhining mavjudligi ham kuzatildi.

Shunday qilib, bu kabi muhim tekshiruvlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi, xususan, O‘zbekistondagi aholi genetik ma'lumotlari bazasi bilan bog‘liq bo‘lgan tanqidiy tanqislik o‘rnini to‘ldirib, tarixni, insoniyat  kelib chiqishini o‘rganuvchi fan – geneologiya uchun katta amaliy ahamiyat kasb etadi.

Adliya vazirligi axborot xizmati