O‘zbekiston | 23:50 / 01.03.2018
56005
5 daqiqa o‘qiladi

Fotoreportaj: Samarqand va So‘g‘d viloyatlari o‘rtasida chegara ochildi

Bugun, 1 mart kuni Samarqand viloyati va Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati o‘rtasidagi «Jartepa» va «Sarazm» avtomobil o‘tkazish punktlari qaytadan ochildi.

Mazkur maskanning ochilish marosimida ikki viloyatning jamoatchilik vakillari, faollar va chegara hududidagi mahallalarda yashovchi aholi, davlat va jamoat tashkilotlari mas'ullari ishtirok etdi. 

Tantanali tarzda va do‘stona muhitda o‘tgan marosimlarda Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev va So‘g‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda qatnashdi.

Jam bo‘lganlar ikki xalq o‘rtasidagi qadim-qadimdan davom etib kelayotgan do‘stlik munosabatlarida ochilayotgan yangi sahifalarning debochasiga guvoh bo‘lishdi.

Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmati tadbirlardan reportaj tayyorladi.

Dastlab «Sarazm»dan «Jartepa» o‘tkazish maskaniga qo‘shni respublika vakillari karnay-surnay sadolari ostida kirib keldi.

Bayramona tusga kirgan maskanda Samarqand viloyati hokimi Turob Jo‘rayev mehmonlarni unutilmas tashrif bilan qutlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash borasida olib borayotgan sa'y-harakatlari yuksak samaralar berayotganini ta'kidladi.

So‘g‘d viloyati hokimi Rajabboy Ahmadzoda nazorat-o‘tkazish punktining ochilishi ikki xalq manfaatiga bir xilda xizmat qilishi, bu do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi haqida gapirdi.

Tadbir doirasida sahna ko‘rinishlari orqali ikki xalqning mushtarak adabiyoti, madaniyati ramzi sifatida konsert dasturi namoyish qilinib, shiru shakarlar ijro etildi.

Mehmonlar uchun «Jartepa» maskanida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalari hamda boshqa mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Tashrif buyurganlar pasport va bojxona nazorat punkti uchun yaratilgan shart-sharoit bilan ham tanishdi.

Tadbirning ikkinchi qismida samarqandliklar viloyat hokimi boshchiligida «Sarazm» maskaniga yo‘l olishdi.

So‘g‘d viloyati hokimligi va faollar mehmonlarga yuksak hurmat-ehtirom ko‘rsatdi. Tojik milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.

 

«So‘g‘d viloyatining Panjakent shahri Darveshi mahallasida tug‘ilib, voyaga yetganman», - deydi Xosiyat Suyarova nigohini olislarga qadab. – «1980 yilda Toyloq tumanining Galabotir mahallasiga kelin bo‘lib tushgan edim. Otam bilan, ko‘pchilik qarindoshlarim bilan ko‘rishmaganimga 12 yildan ko‘p vaqt bo‘ldi. Yashash joylarimiz orasidagi masofa 30-35 kilometr. Ammo ota-onamni borib ko‘rib kelishim uchun kamida 400 chaqirim yo‘l bosishim kerak bo‘lardi. Shu sababli yillab ota-onam, aka-ukalarim bilan ko‘risholmadik. Bugun hayotimda eng quvonchli voqealardan biri bo‘ldi. Chegara postini ochganlarga ming rahmat aytaman. Bahorning birinchi kuni mening hayotimga ham bahorday iliqlik olib kirdi».

«Qizimni Panjakentga uzatganman. Sakkiz yil bo‘libdi ko‘rmaganimga. Ona uchun bu muddatni o‘tishi qanday kechganini tasavvur qilish oson emas. Yaratganga shukr, bugun chegaralarimiz ochilishi bilan uzog‘imiz yaqin bo‘ldi. Mana shu chegara posti ochilishini soat sanab kutdim. Azaldan to‘y-ma'rakasi bir bo‘lgan, bordi-keldi qilib kelgan xalqni o‘ylagan Prezidentlarimizga ming rahmat. Menga o‘xshagan ko‘zlari yo‘lga tikilgan onalarning hammasi duo qilayapti», - deydi Urgutning Xo‘jabaland mahallasidan kelgan Kimyo Jalolova.

«Urgut tumanining Nisbat qishlog‘idanmiz. Tojikistonda yashaydigan, 70 yoshni qarshilab qolgan Mavjuda opamiz bilan ko‘rishgani keldik bu yerga. Toshkentning Bekobodidan aylanib kelishga imkon topolmaganimiz uchun uch yildan buyon har kunimiz xavotirda o‘tdi. Telefonda so‘zlashganimiz diydor o‘rnini bosarmidi?!. Prezidentimiz bizga o‘xshagan odamlarning dardu-tashvishini juda to‘g‘ri tushunibdi-da, mana, endi uzog‘imiz yaqin, og‘irimiz yengil bo‘ladigan bo‘ldi. Buning uchun chin yurakdan rahmat aytamiz. Boshi omon bo‘lsin Yurtboshimizni!», - deydi Matluba Yodgorova va Abdulfattoh Yodgorov.

Mavzuga oid