Jamiyat | 14:23 / 05.03.2018
45036
7 daqiqa o‘qiladi

Vatan ichidagi 3 oila vatansiz qolishi mumkin

KUN.UZ sayti tahririyatiga Toshkent shahar, Sh.Rashidov ko‘chasi 16-uyda istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar murojaat qildi. Ular yaqin orada boshpanalaridan ayrilib, uysiz qolish ehtimoli borligi sababli muammoni jamoatchilik e'tiboriga havola qilishni so‘rashdi. Biz gap nimada ekanligini aniqlash maqsadida 78-xonadonda yashovchi A.Yakubov, 104-xonadonda yashovchi A.Bakiyev, 180-xonadonda yashovchi G.Rajabovalar bilan uchrashdik.  

Ma'lum bo‘lishicha, Toshkent shahri Sh.Rashidov ko‘chasi 16-uyning 78-, 104- va 180-xonadonlarini xarid qilish bo‘yicha dastlabki shartnomalarni tuzib, u bo‘yicha ma'lum miqdorda pul to‘lagan fuqarolarning ko‘chmas mulkka egalik huquqini notarial tartibda rasmiylashtirish masalasi bir necha yildan cho‘zilib kelmoqda. 

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Jumladan, “MANUFACTURING STRATEGY” MChJ qurilish tashkiloti bilan Sh.Rashidov ko‘chasi 16-uyning 78-xonadonini sotib olish bo‘yicha 10.04.2014 yilda №6-04/14-sonli, 180-xonadonni sotib olish bo‘yicha 24.03.2014 yilda №4-03/14-sonli, 104-xonadonni xarid qilish bo‘yicha №26/04-14 sonli dastlabki shartnomalar tuzilgan. 

 Ushbu shartnomalarga muvofiq, xaridor tomonlar shartnomalarda ko‘rsatilgan xonadon narxlarining 15 foizini 10 kun ichida, qolganini 90 kun ichida to‘lashlari shart bo‘lgan. Shunga ko‘ra, A.Yakubov “MANUFACTURING STRATEGY” MChJ hisob raqamiga sotib olinayotgan xonadon ummiy qiymatidan 70 mln so‘mini (15 foizidan ko‘prog‘i) to‘lagan bo‘lsa, 27.03.2014 yilda M.Egamberganova tomonidan 30 mln so‘m, A.Bakiyev ham 12.04.2014 yilda 30 mln so‘m pul to‘lagan. 

Biroq xonadonni xarid qilish istagidagi fuqarolar shartnomaning keyingi talabini bajara olishmagan. Bunga “MANUFACTURING STRATEGY” MChJning direktori B.R.Husamitdinov va tashkilotning boshqa mansabdor shaxslariga nisbatan 2014 yil 15 aprelda jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi hamda MChJning har qanday bank operatsiyalarini amalga oshirish to‘xtatilganligi sabab bo‘lgan. Buning oqibatida yuqoridagi xonadonlar uchun dastlabki to‘lovni amalga oshirgan hamda 90 kun ichida qolgan summani to‘lashni rejalashtirib turganlar kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va uyga egalik qilish huquqidan mahrum bo‘lishgan. 

Murojaatchilarning aytishlaricha, ular MChJ bilan tuzilgan shartnomalar, bank orqali o‘tkazilgan to‘lov kvitansiyalari bo‘la turib, surishtiruv-tergov jarayonlari va hatto sud majlislariga ham chaqirilmaganlar. Shu bilan ularning xususiy mulkka bo‘lgan huquqini himoya qilishda imkoniyat taqdim etilmagan. Buning oqibatida “MANUFACTURING STRATEGY” MChJ mansabdor shaxslari tomonidan sodir etilgan jinoyat natijasida davlatga yetkazilgan zarar evaziga Toshkent shahri, Sh.Rashidov ko‘chasi 16-uyning 66 ta xonadoni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2014 yil 25 avgustdagi hukmi bilan 19 412 474 212 so‘mga baholanib, davlat foydasiga musodara qilingan. 

Keyinchalik, davlat foydasiga musodara qilingan xonadonlardan 22 tasi o‘z egalariga qaytarilgan. E'tiborli jihati shundaki, “Xalq so‘zi” gazetasining 2015 yil 12 dekabrdagi sonida Sh.Rashidov ko‘chasi 16-uyning 55 ta xonadoni kimoshdi savdosiga qo‘yilishi yuzasidan e'lon berilgan bo‘lsa, unda A.Yakubov, A.Bakiyev va G. Rajabovalarning 78-, 104- va 180-xonadonlari bilan birga jami 8 ta, ya'ni 6, 8, 22, 24, 34, 56, 82, 113-xonadonlar qo‘yilmagan. Bundan tashqari 55 ta xonadon bo‘yicha umumiy baho chiqarilib, 14,5 mlrd so‘m deb belgilangan. Shundan so‘ng, sud ijrochisining talabi bilan mazkur kim oshdi savdosi bekor qilingan. Ammo keyinroq, ya'ni “Xalq so‘zi” gazetasining 2016 yil 11 maydagi sonida Sh.Rashidov ko‘chasi 16-uyning 44 ta xonadoni auksion savdosiga qo‘yilgan bo‘lib, A.Yakubov, A.Bakiyev va G.Rajabovalarning 78, 104 va 180-xonadonlari yangi ro‘yxatda paydo bo‘lib qolgan. Qayd etish o‘rinliki, har bir savdo uchun narx umumiy chiqarilgan, xonadonlarni alohida sotib olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan.

Endilikda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 fevraldagi 90-F son farmoyishiga asosan ushbu uydagi 48 ta xonadon operativ boshqaruv huquqi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga taqsimlanmoqda. Ko‘p qavatli uydagi qolgan 22 ta xonadon esa “MANUFACTURING STRATEGY” MChJ bilan tuzilgan daslabki oldi-sotdi shartnomalarga asosan o‘z egalariga qaytarilgan. 

Savol tug‘iladi: shunday ekan, nima uchun dastlabki shartnoma asosida pul to‘lagan, obektiv sabablar tufayli pullarni to‘lay olmagan fuqarolar A.Yakubov, A.Bakiyev va G.Rajabovalarga xarid qilish hamda mulkka egalik qilish huquqi borasida imkoniyat taqdim etilmadi? Ular xarid qilishdan bosh tortishganida ham boshqa gap edi. Aksincha, ular auksion savdolariga e'lon chiqqanidan so‘ng, xonadonlarini uchinchi tomondan xarid qilish imkoniyati paydo bo‘lgani sababli “korobka” xonadonlarga katta mablag‘ sarflab, kapital ta'mirlashgan. 

Murojaatchilarning aytishlaricha, uysiz qolib ketish ehtimoli va boshqa uylari yo‘qligi, qolaversa O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan shu yilning 15 martiga qadar muddat berilgani va bu sananing tobora yaqinlashib kelayotgani, davlatning turli yuqori turuvchi idoralari murojaatlariga e'tibor qaratmayotgani, muammoning yechimini topishga amaliy yordam berish o‘rniga “protokol”dan chiqmagan holda javob yo‘llash bilan cheklanayotganlari tufayli ularning hayotlarida huzur-halovat va xotirjamlik yo‘qolgan. Achinarlisi, bu narsa voyaga yetmagan farzandlar ruhiyatiga salbiy ta'sir qilayotganidir. KUN.UZ tahririyati ushbu muammo ham o‘zining ijobiy yechimini topishiga hamda fuqarolar o‘zlari orzu-havas qilgan xonadonlariga haqiqiy ega bo‘lishlariga ishonch bildirib qoladi. 

Mavzuga oid