07:43 / 07.03.2018
10459

AQSh Kim Chen Inning akasi o‘ldirilishi bilan bog‘liq holda Shimoliy Koreyaga sanksiya kiritdi 

Foto: AP

AQSh davlat departamenti Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning akasi Kim Chen Nam kimyoviy qurol qo‘llangan holda o‘ldirilgani sababli Pxenyanga qarshi sanksiyalar kiritilishini e'lon qildi. Bu haqda davlat departamentining tvitterdagi sahifasida ma'lum qilindi. 

“22 fevralda AQSh Shimoliy Koreya kimyoviy qurolni taqiqlash haqidagi xalqaro konvensiyani buzgan va Kim Chen Namni o‘ldirish uchun VX zaharli moddasi qo‘llagan, degan xulosaga keldi. Yangi cheklovchi choralar Pxenyanning noqonuniy xatti-harakatlari oldini olish uchun AQSh avvalroq kiritgan sanksiyalarni to‘ldiradi”, deyilgan hujjatda.

“AQSh qotillikni sodir etish uchun kimyoviy qurol qo‘llashni qat'iyan taqiqlaydi. Bu kimyoviy qurolni qo‘llashga qarshi qaratilgan me'yorlarga ochiqchasiga hurmatsizlik bo‘lib, yana bir bor Shimoliy Koreyaning bemulohaza xarakterdaligini ko‘rsatadi va Shimoliy Koreyaning ommaviy qirg‘in quroli bilan bog‘liq birorta dasturiga chidab turmasligimizni ta'kidlaydi”, deyilgan bayonotda.

Kim Chen Nam 2017 yil 13 fevralda Kuala-Lumpur aeroportida o‘ldirilgan. Uning terisida xalqaro konvensiya bilan taqiqlangan VX zahari izlari aniqlangan.

Pxenyan ushbu qotillikka aloqasi yo‘qligini va ayblovlar ortida Shimoliy Koreyaning dushmanlari fitnasi turishini ta'kidlab keladi.

Top