Jamiyat | 01:41 / 31.03.2018
32025
5 daqiqa o‘qiladi

Mahallangiz tarixini bilasizmi?

Foto: Advantour

O‘zini va tarixini bilmagan odam manqurt deyiladi. Manqurt bo‘lmagan odam esa hech bo‘lmaganda yetti pushtini va yashab turgan joyining tarixi-yu bugunini yaxshi biladi. Jumladan, mahallasi tarixini ham. Yurtimizda minglab mahallalar mavjud. Ularning o‘ziga xos nomlari borki, biri biridan qiziq, biri biridan ajabtovur. Qiziqligi shundaki, ayrim mahalla nomlari hozirgi adabiy tilimizda mavjud bo‘lmagan so‘zlardan iborat bo‘lib, bir qarashda tushunish qiyin. Ajabtovurligi shundaki, ayrim tarixiy nomlar asrlar o‘tgani sari asl ko‘rinishini yo‘qotib, boshqacha talaffuz kasb etgan. Misol uchun, Poytaxtimizning Olmazor tumanida “Hofiz Ko‘yki” nomli mahalla bor. Xo‘sh, hofiz so‘zi tushunarli, “Ko‘yki” nima degani? Bu so‘z aslida qanday bo‘lganu, qanday talaffuz qilingan? Kichik ilmiy tadqiqotimiz davomida shu so‘z ma'nosini izlaymiz.

            Ushbu mahalla nomining tarixiy ildizlariga murojaat etarkanmiz, bugun shu mahallada yashovchilar har qancha faxrlanishsa arziydigan bir tarixiy ma'lumotga duch kelamiz. Toshkent tarixiga oid qimmatli manbalardan biri bo‘lmish Muhammad Solih Qoraxo‘ja o‘g‘lining “Tarixi jadidai Toshkand” nomli asarida shunday ma'lumot bor: “Toshkent diyorida yashab o‘tgan Mavlono Ko‘hakiy aqliy va naqliy ilmlarda zo‘r olim bo‘lgan. Hofiz Ko‘hakiy Toshkent aholisi va olimlarining iftixori bo‘lib, Dashti Qipchoq, Farg‘ona, Movarounnahr, Buxoro, Eron va Xurosonda keng shuhrat qozongan olimdir”.

            16 asrda yashab ijod etgan bu ulug‘ alloma o‘z zamonasining ilmli kishilaridan bo‘lib, tarix, arab tili va gramatikasi, mantiq, huquqshunoslik va diniy ilmlar bilan shug‘ullangan. Abdurahmon Jomiyning “Sharhi mulla” nomi bilan mashhur asarida sharh yozgan. U “Tarixi Toshkand”, “Tarixi oli Chingiz”(Chingiz avlodi tarixi) kabi ko‘plab asarlar muallifidir.

            Hofiz Ko‘hakiy o‘z zamonasining obro‘li kishilaridan bo‘lgani uchunmi, 1528 yili Toshkentdan to‘y munosabati bilan Hindistonga Zahiriddin Muhammad Bobur huzuriga yuborilgan edi. Bu to‘y tasvirlari “Boburnoma”da bor:”Ulug‘ osh tortilg‘onidin keyin... Xoja Mir sultong‘a va o‘g‘lonlarig‘a va Hofiz Toshkandiy va mullo Farruh boshliq Xojaning mulozimlarig‘a va o‘zga elchilarga ham oltundin, kumushdin tarkash bila in'omlar bo‘ldi”.

            Shunisi muhimki, Hofiz Ko‘hakiyda mol-dunyoga havasdan ko‘ra, vatanparvarlik ruhi yuqori bo‘lgan. Sababi u Mirzo Bobur huzurida nihoyatda iltifot ko‘rsa ham, keyinchalik Turkiya sultoni unga vazirlikni taklif qilsa ham u noziktablik bilan rad etib, yurtiga, Toshkentga qaytgan va umrining oxirigacha shu shaharda istiqomat qilgan. Madrasada dars berib, shogirdlar ulg‘aytirgan, benazir asarlar yaratgan. 

Tarix fanlari nomzodi, dotsent Ne'matullo Muhamedovning ma'lumotiga ko‘ra, Hofiz Ko‘hakiy xalq orasida Hofiz Ko‘ykiy nomi bilan mashhur bo‘lgan. Shuning uchun ham bugungi Olmazor tumanidagi alloma yashab o‘tgan mahalla nomi “Hofiz Ko‘yki” deya saqlanib qolgan. Demak, anglashiladiki, “Hofiz Ko‘yki” mahallasi nihoyatda ulug‘ tarixga ega bo‘lgan mahallalarimizdan ekan.