Jamiyat | 18:36 / 12.04.2018
9533
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va AQSh yangi markazni ochdi 

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Innovatsion masofaviy o‘qitish va monitoring markazini va Buxoro viloyatida uning sho‘'basini ochdi. 

Xalqaro Taraqqiyot Agentligi yordamida tashkil etilgan Innovatsion masofaviy o‘qitish va monitoring markazi tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini oshirishga o‘z hissasini qo‘shadi hamda tibbiy xizmat mutaxassislariga va butun O‘zbekiston bo‘ylab tibbiyot bilim yurtlari talabalariga joylarda va masofaviy uslubda klinik maslahatlar berish va ustozlik qilishni yo‘lga qo‘yadi. Taqdimot marosimi Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bo‘lib o‘tdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Xalqaro Taraqqiyot Agentligi o‘zining Sil kasalligiga qarshi kurashish dasturi orqali texnik yordam ko‘rsatdi va markazga  video-konferensiya, axborot texnologiyalari va ofis uskunalarini taqdim etdi. Bu Toshkent shahridagi Innovatsion masofaviy o‘qitish va monitoring markazidagi shifokorlarga Buxoro viloyat sil kasalliklari shifoxonasidagi hamkasblari bilan onlayn tibbiy konsultatsiyalar o‘tkazish imkonini beradi. Bu esa sil kasalligini aniq va tez diagnostika qilish va davolash maqsadida bilim va klinik tajriba almashish uchun imkoniyat eshigini ochadi. Shuningdek, Markaz mintaqaviy sil kasalliklari muassasalaridagi tibbiy xodimlar uchun masofaviy o‘qitish vositasi sifatida xizmat qiladi.

Ushbu uskunani olishdan avval sog‘liqni saqlash xodimlari klinik maslahatlar olish va treninglarda ishtirok etish uchun yuzlab kilometr masofani bosib, O‘zbekiston poytaxtiga borishar edi. O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham Markazning sho‘'balari ochiladi va bu butun mamlakat bo‘ylab sil kasalligi bo‘yicha mutaxassislarni samarali ravishda bog‘laydi. Bu esa ta'limning tarmoqli foydalanish imkoniyati va birgalikda qaror qabul qilish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, sil kasalligi bo‘yicha xizmatlarning sifati va ulardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilaydi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Innovatsion masofaviy o‘qitish va monitoring markazini ochish va jihozlash bilan bir qatorda, Xalqaro Taraqqiyot Agentligi O‘zbekiston bo‘ylab sil kasalligi bo‘yicha mutaxassislarni Rutgers universiteti Global Sil kasalliklari institutiga (AQSh), Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikdagi ko‘p sonli dorilarga turg‘un sil kasalligini o‘rganish tadqiqot va trening markaziga (Latviya), Sil kasalliklari bo‘yicha milliy o‘qitish markazi (Tojikiston) ga o‘qish va o‘rganish maqsadidagi safarlarini amalga oshirishga ko‘maklashdi.

"Innovatsion masofaviy o‘qitish va monitoring markazi sil kasalligining oldini olish, aniqlash va davolash bo‘yicha eng yangi yondashuvlar bilan tanishish imkonini yaratish borasida sog‘liqni saqlash xodimlarining kasbiy rivojlanishi va talabalar uchun yetakchi institutlardan biriga aylanadi. Bu O‘zbekistonda ushbu kasallikning yukini kamaytirishga qaratilgan umumiy maqsadga erishishimizda ko‘maklashadi", - deydi Xalqaro Taraqqiyot Agentligining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi direktori Gari Robins.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro Taraqqiyot Agentligi orqali O‘zbekistonga Sil kasalligining oldini olish milliy dasturini amalga oshirish va silga qarshi profilaktika, diagnostika va davolanishni yanada samarali va qulayligini ta'minlash, jumladan, zaif aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashni amalga oshirishda ko‘maklashib kelmoqda. 

Umumiy qiymati 7,6 million AQSh dollari miqdoridagi Sil kasalligiga qarshi kurashishga qaratilgan 5 yillik dasturning asosiy maqsadi O‘zbekistonda sil kasalligi yukini kamaytirish va kasallikning ko‘p dori-darmonlarga turg‘un shakllarining oldini olishdan iborat. Dastur sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash maqsadida tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish, idoralararo muvofiqlashtirish va hamkorlikni takomillashtirish, shuningdek, sil kasalligi diagnostikasi va davolashdan foydalanishni kengaytirish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab tadbirlarni o‘z ichiga olgan.

Mavzuga oid