22:40 / 19.04.2018
3512

Tojikistonda kechki vaqt balog‘atga yetmaganlarga internet-kafelarga kirish taqiqlab qo‘yildi

Foto: Asia-Plus

Tojikiston parlamentining quyi palatasi 19 aprelda hukumat tomonidan taklif qilingan “Ota-onalarning farzandlari ta'limi va tarbiyasi uchun javobgarligi to‘g‘risida”gi qonunga tuzatishlarni qo‘llab-quvvatladi. 

Qabul qilingan tuzatishlarga ko‘ra, Tojikistonning balog‘atga yetmagan fuqarolariga soat 18.00dan ertalabki soat 6.00gacha tungi klublar, diskotekalar, internet-kafe, kompyuter markazlari, bukmekerlik idoralari, qimorxonalar va restoranlarga borish taqiqlanadi.   

Qonunning 2011 yilda qabul qilingan dastlabki ko‘rinishida taqiqlov vaqti 1 apreldan 30 sentabrgacha soat 22dan soat 6gacha, 1 oktabrdan 31 martgacha esa soat 20dan soat 6gacha davom etgan. 

Taqiqlov Tojikistonning 18 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolariga taalluqli hisoblanadi. Avval Tojikiston me'yoriy-huquqiy hujjatlari 20 yosh bo‘lmaganlarga bunday joylarga kechki vaqt borishni taqiqlagan.   

Qonunni buzganlik uchun ota-onalar 50 somoniydan 150 somoniygacha (5-15 dollar atrofida) jarimaga solinadilar.
 

Top