12:40 / 22.04.2018
5934

Kobulda saylov uchastkasida portlash. O‘ndan ortiq kishi halok bo‘ldi, o‘nlab kishilar jarohatlandi

Foto: AP

Afg‘oniston poytaxti Kobul shahrida ochilgan saylov uchastkasida sodir etilgan terakt oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lib, 20 nafarga yaqin kishi jarohatlandi.

Qayd etilishicha, portlovchi qurilma terrorchi xudkush tomonidan harakatga keltirilgan. Voqea joyida huquq-tartibot organlari xodimlari va shifokorlar ish olib borishmoqda.

Hozircha hech bir tashkilot ushbu terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.

Qayd etish kerakki, mamlakatda saylovlar arafasida terrorchi kuchlar faollashdi. Bundan oldinroq Gur provinsiyasida "Tolibon" harakati vakillari tomonidan saylov komissiyasining 3 nafar xodimi o‘g‘irlab ketilgandi.

Afg‘onistonda 2018 yilning oktabrida parlament saylovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 14 aprel kuni saylovchilarni ro‘yxatga olish jarayoni boshlandi. Shundan so‘ng, Afg‘oniston prezidenti "Tolibon"ga tinchlik jarayoniga qaytish va siyosiy kuch sifatida saylovlarda ishtirok etishni taklif qildi.

Top