Jahon | 08:13 / 13.05.2024
9461
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistondagi suv toshqinlari oqibatida 300 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Afg‘onistonda kuchli yomg‘ir tufayli yuzaga kelgan kuchli suv toshqini 300 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 1000 dan ortiq uy vayron bo‘lgan.

Foto: Mehrab Ibrahimi/AP

Afg‘oniston shimoli-sharqida kuchli yog‘ingarchilik tufayli yuzaga kelgan vayronagarchiliklar oqibatida 300 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Mamlakatdagi hukmron «Tolibon» harakati ma’lumotlariga ko‘ra, 12 may, yakshanba kuni qurbonlar soni 315 kishiga yetgan, 1600 dan ortiq kishi jarohat olgan.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 10 may kuni boshlangan suv toshqini boshqa viloyatlarga qaraganda uchta viloyat – Bag‘lon, Taxar va Badaxshonga ko‘proq zarar yetkazgan. Bir kun avval departament 153 nafar tabiiy ofat qurbonlari haqida gapirgan edi. BMT Jahon oziq-ovqat dasturi vakillari tabiiy ofat natijasida 1000 dan ortiq uy vayron bo‘lganini, zarar ko‘rgan hududlarning aksariyatida yo‘llar yuk mashinalari yetib bora olmaydigan holatga kelganini ta’kidladi.

Save the Children xalqaro xayriya tashkiloti tabiiy ofatdan ayniqsa bolalar jabr ko‘rgani haqida ogohlantirdi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Bag‘lon viloyatining eng ko‘p jabrlangan beshta tumanida 600 ming kishi, jumladan, 310 ming bola istiqomat qiladi.

Toliblarning tabiiy ofatlar bilan kurashish vazirligi vakili aytishicha, suv toshqinlari Kobulga ham ta’sir ko‘rsatdi. Unga ko‘ra, jabrlangan hududlarga oziq-ovqat va boshqa yordamlar bilan qutqaruv guruhlari yuborilgan.

Aprel oyida butun mamlakat bo‘ylab kuchli yomg‘ir va suv toshqini oqibatida kamida 70 kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid