Jahon | 17:03 / 21.05.2018
4518
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi 71-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etyapti

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasida ishtirok etmoqda. Bu haqda Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi JSSTning yuqori organi hisoblanadi. Assambleyaning har yilgi sessiyasi, odatda, Jyenevada may oyida bo‘lib o‘tadi.   

An'anaga muvofiq, joriy yilgi 71-sessiya ham Shveytsariyaning Jyeneva shahrida bo‘lib o‘tmoqda. 21 may kuni tadbir rasman ochildi. Unda JSSTga a'zo 194ta davlatlarning sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha rahbarlari  qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda. 

Har yili Sessiya davomida ishtirokchilar JSST faoliyatini ko‘rib chiqib, o‘z oldiga yangi maqsad va vazifalar qo‘yadi. Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining bu yilgi sessiyasida sog‘liqni saqlash sohasiga doir murakkab masalalar va ularning yechimiga doir chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Xususan, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishlarining salomatlikka salbiy ta'siri va unga qarshi kurashish bo‘yicha yo‘l xaritasi, dori-darmon va vaksina ta'minoti, noinfeksion kasalliklar profilaktikasi, ayollar, bolalar va o‘smirlar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha global strategiya masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda. 

Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 71-sessiyasi 26 mayga qadar davom etadi. 

Mavzuga oid