Jahon | 20:20 / 28.05.2018
7728
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonlik olimlar va talabalarga maxsus ruxsatsiz xorijga chiqish taqiqlab qo‘yildi

Foto: Sputnik Maksim Blinov

Tojikistonlik o‘qituvchilar, talabalar, tadqiqotchilar va olimlarga rasmiy ruxsatsiz xorijga o‘qish yoki xizmat safariga chiqish taqiqlab qo‘yildi.   

Yangi qoidalarga ko‘ra, ta'lim va fan vazirligi xodimlari, maktab direktorlari va oliy ta'lim muassasalari rektorlari xorijga chiqishlarini Tojikistonning mutasaddi idoralari bilan muvofiqlashtirib olishlari kerak bo‘ladi. Xorijga chiquvchi shaxslar 15 kun ichida safar haqida barcha tafsilotlarni hamda tashqi ishlar vazirligining yozma ruxsatini taqdim qilishlari kerak bo‘ladi. 

“Ta'lim muassasalari rahbarlari o‘z safarlarini asoslashlari hamda ta'lim va fan vazirligi rahbariyati bilan xalqaro tadbirdagi nutqlari matnini muvofiqlashtirishlari lozim bo‘ladi”, deb aytilgan xabarda. 

Ta'lim sohasi xodimlari Tojikistonga qaytganlaridan keyin ta'lim va fan vazirligiga o‘z safarlari haqida yozma hisobot taqdim qilishlari zarur.

Ushbu qoidalar o‘rta ta'lim muassasalari o‘quvchilari va o‘qituvchilari uchun ham taalluqli bo‘ladi. Ular tegishli ruxsat olganlaridan keyin xalqaro olimpiada va boshqa tadbirlarda ishtirok etish uchun xorijga chiqa olishadi.

Shuningdek, talabalar va tadqiqotchilar ham xorijda o‘qishni davom ettirishlari uchun ma'lumot taqdim qilishlari lozim bo‘ladi. Agar ular xorijda bir yildan ko‘proq qoladigan bo‘lsalar, ta'lim muassasasining ilmiy kengashi qarorini olishlari kerak bo‘ladi.  

Ma'lum qilinishicha, yangi qoidalardan maqsad talabalar, aspirant va o‘qituvchilarning xorijga chiqishlarini tartibga solishdan iborat.

Mavzuga oid