O‘zbekiston | 10:37 / 30.05.2018
8540
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligidagi mexanizatsiya xizmatlari bo‘yicha tizimli muammolar belgilab berildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda e'lon qilingan. 

Hujjatda aytilishicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatish tizimida qator tizimli muammolar saqlanib qolayotganligini ko‘rsatdi. Ular qatorida: 

birinchi, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, “O‘zagroservis” AJ va ular tarkibidagi korxonalarning, xususan, mashina-traktor parklarining yakuniy moliyaviy ko‘rsatkichlari va faoliyatining samarasiz tashkil etilganligi mazkur tashkilotlar faoliyati va boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilishini talab etmoqda; 

ikkinchi, tadbirkorlik sub'yektlarining mashina-traktor parklari faoliyatiga jalb etilmaganligi ularni rivojlantirish va modernizatsiya qilish samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda; 

uchinchi, yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan mexanizatsiya va servis xizmatlarini ko‘rsatishlari borasidagi cheklovlar mazkur xizmatlar bozorining tezkor rivojlanishiga va qishloq xo‘jaligi yerlarining zarur texnika bilan keng qamrab olinishiga to‘sqinlik qilmoqda; 

to‘rtinchi, mexanizatsiya va servis xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etishda mahalliy ijro hokimiyati organlari manfaatdorligining past darajadaligi ularning moliyaviy barqarorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda; 

beshinchi, ayrim mansabdor shaxslarning mexanizatsiya va servis xizmatlari ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatiga aralashishlari xususiy mulk daxlsizligining kafolatlari buzilishiga va mazkur faoliyatni amalga oshirishning jozibadorligi pasayishiga olib kelmoqda; 

oltinchi, agrotexnik ishlarni tashkil etishda alohida yondashuvning mavjud emasligi, jumladan, hududlarning o‘ziga xosligidan kelib chiqilmasligi, shuningdek, hosildorligi past bo‘lgan yerlarda mexanizatsiya xizmatlari ko‘rsatish sohasida davlat moliyaviy ko‘magining mavjud emasligi mashina-traktor parklarida sezilarli darajada qarzdorliklar paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda; 

yettinchi, qishloq xo‘jalik texnikasi va uning ehtiyot qismlariga bo‘lgan narxlarni optimallashtirish, shuningdek, o‘zaro manfaatdorlik shartlari asosida mamlakatga yangi ilg‘or ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish borasidagi ishlarning lozim darajada amalga oshirilmaganligi mexanizatsiya va servis xizmatlari bozorining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining noroziligini keltirib chiqarmoqda va mashina-traktor parklari faoliyatining samaradorligini pasaytirmoqda. 

Mavzuga oid