12:20 / 18.06.2018
24198

Xalq banki Sergeli tumanidagi mojaroli holat bo‘yicha izoh berdi

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan “Xalq banki: islohot va samara” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. 

Foto: Xalq banki matbuot xizmati

Ta'kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki eng yirik banklardan hisoblanib, eng ko‘p tarmoqli filiallari bilan, banklararo bozorda katta ahamiyatga ega. Shuningdek, Xalq banki jismoniy shaxslar depozitlarining hajmi, filial va xodimlar soni bo‘yicha O‘zbekiston bank tizimida yetakchi hisoblanadi.

– Bankning 200 ga yaqin filiallari, 29 ta mini-bank, 727 ta jamg‘arma va maxsus kassa, 186 ta xalqaro pul o‘tkazmalari shoxobchasi, 180 dan ortiq valyuta ayriboshlash shoxobchalari, umuman olganda 3200 dan ortiq muassasalari mijozlar uchun xizmat ko‘rsatib kelmoqda, – deydi Boshqaruv Raisi o‘rinbosari Nizomiddin Abbosov. – Bank an'anaviy xizmatlar turlarini, jumladan mablag‘larni depozitlarga qabul qilish, kredit berish, hisob raqamlarni ochish va xizmat ko‘rsatish, xalqaro pul o‘tkazmalari, zamonaviy interaktiv bank xizmatlari hamda ko‘plab boshqa bank xizmatlarini ko‘rsatadi. 

Tadbir davomida jurnalistlarga yurtimiz bank sohasida olib borilayotgan islohotlar va hukumatning tegishli qarorlari ijrosi bo‘yicha Xalq banki tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi istiqbolli rejalar yuzasidan batafsil ma'lumot berildi.

Foto: Xalq banki matbuot xizmati
Foto: Xalq banki matbuot xizmati

Shuningdek, mijozlarning bank xizmat ko‘rsatish hududiga to‘sqinliksiz (hujjatlarsiz) kirib chiqishi va “Reception” xizmatining malakali xodimlari tomonidan kutib olinishi yo‘lga qo‘yilganligi aytib o‘tildi. 

Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 13 martdagi “Pensiya va nafaqalar to‘lash mexanizmini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi xususida ham so‘z bordi. 

Ushbu qarorga asosan Xalq bankining sayyor kassalari orqali respublikaning 3 milliondan ziyod pensionerlariga bir oyda 1,5 trillion so‘m har oyning 27-sanasiga qadar o‘z egalariga yetkazib kelinmoqda. 

Bankning Pul muomalasi va kassa operatsiyalari departamenti direktori Jasur Mahmudov o‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Abdulla Sherovning bank faoliyatiga doir mulohazalariga o‘z munosabatini berib o‘tdi:   

- E'tibor qilgan bo‘lsangiz, Abdulla Sherov maqolasida joriy yilning 7 may kuni soat 10:00 larda mahallaga borganini, odam ko‘p, navbatda turganlar 50 kishidan  ortiqligini yozgan. Buning ustiga nafaqa soat 9:00 dan emas, bankning kayfiyatiga qarab, 14:00 dan tarqatilishini yozgan.

Buni o‘rganib ko‘rganimizda, Sergeli tuman “Habibiy” mahallasi pensiya va nafaqalarni tarqatish mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan grafikka asosan har oyning 9-13 sanalarida tarqatilishi belgilangan bo‘lib, 9 may “Xotira va qadrlash” bayram kuni munosabati bilan “Habibiy” mahallasiga 2 kun oldin, oyning 7 sanasida oldingi mahallada ertaroq pensiya mablag‘lari tarqatilganligi sababli soat 14-00 atrofida sayyor kassa xodimlari mahallaga borib pensiya mablag‘lari tarqatilishi boshlangan.  

Mahalla yig‘ini faollari tomonidan pensionerlarni navbatma-navbat pensiya pullarini olib ketishi belgilangan.  

Pensioner Abdulla Sherov va uning turmush o‘rtog‘i Sherova Yaqutning pasportlari bo‘yicha Sirg‘ali tumani “Habibiy” mahallasida ro‘yxatda tursada, haqiqatda Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida istiqomat qilishi ma'lum bo‘ldi. Bu o‘z navbatida mazkur pensionerlarning ortiqcha vaqt sarflashiga (kelib-ketish) olib kelgan.  

Shuningdek, Abdulla Sherov turmush o‘rtog‘i Yaqut Sherovaning pasportini ko‘rsatib uning ishtirokisiz sayyor kassa xodimlaridan pensiya pulini  berishni so‘ragan. 

Adliya vazirligidan joriy yilning 14 martida 2980-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan “O‘zbekiston Respublikasi Aktsiyadorlik tijorat Xalq banki bo‘linmalari orqali ishlamaydigan pensionerlarga pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlar to‘lashni tashkil etish to‘g‘risida”gi yo‘riqnomaning  5-bandiga asosan pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlar qaydnomalarga muvofiq har oyda yetkazib berish (topshirish) davri mobaynida pensiya va nafaqa oluvchining yashash joyi bo‘yicha shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganda naqd pul shaklida topshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Aniqroq qilib aytganda, pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlarni qaydnomada ko‘rsatilmagan shaxslarga ishonchnomasiz topshirish qat'iyan taqiqlangan.    

Abdulla Sher maqolasida: “Eshik oldida tumonat odam. Navbatga turdim. Shu payt  o‘rta yoshli bir kishi kelib, onasining pasportini ko‘rsatdi va onasi 90 yoshdan oshganligini, yurishga qiynalishini, ertaga bir yoqqa borayotgani uchun uyda bo‘lmasligini aytib, uning nafaqasini so‘radi.” degan.  

Bu ham Adliya vazirligidan joriy yilning 14 martida 2980-son bilan ro‘yxatdan o‘tgan yo‘riqnomaning 6-bandiga asosan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar va mustaqil harakatlanish hamda pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlarni sayyor kassalardan olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlar Xalq banki filiali tomonidan bevosita ularning yashash joyiga yetkazib berilishi belgilab qo‘yilgan. 

Ayni vaqtda yotoqdagi pensionerlarning pensiya va nafaqa pullarini ularning uylariga yetkazib berish bank boshqaruvi tomonidan kunlik nazoratga olingan bo‘lib, bugungi kunda oyma-oy 755 mingga yaqin fuqarolarning mablag‘lari uylariga yetkazib berilmoqda.  
 
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda fikr yuritadigan bo‘lsak, Abdulla Sherovning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi borasidagi fikrlari asossiz, masalani to‘g‘ri tushunmaganlikda, deb bilaman. Albatta, bunda bizning ham aybimiz bor. Chunki tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarni, qonunchilikda bo‘layotgan o‘zgarishlarni ommaviy axborot vositalari orqali ko‘proq va kengroq yoritib borishimiz kerak ekan, deyiladi xabarda.

Top