O‘zbekiston | 12:02 / 20.06.2018
16536
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida prezidentning “Volonterlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi e'lon qilindi.

Volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ko‘ra, volonter – ushbu Qonunda belgilangan tartibda volonterlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxsdir.

Volonterlik faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

volonterlik faoliyatining beg‘arazligi, ixtiyoriyligi, teng huquqiyligi va qonuniyligi;

volonterlik faoliyatini tanlashda maqsadlar, shakllar, turlar va usullarni belgilash erkinligi;

volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi axborot oshkoraligi va ommabopligi;

volonterlik faoliyatini amalga oshirishda insonparvarligi, inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi;

barchaning jinsi, irqi, millati, tili, ijtimoiy mavqei, yoshidan qati nazar volonterlik faoliyatini amalga oshirish huquqi tengligi;

volonterlik faoliyati ishtirokchilarining birdamliligi, vijdonliligi va hamkorliligi;

o‘zining va atrofdagilarning hayoti uchun xavfsizliligi;

ushbu sohada teng huquqli va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorligi.

Volonterlik faoliyati alohida siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari va assotsiatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek tovarlar, ishlar, xizmatlarni ilgari surishga qaratilishi mumkin emas.

Volonterlik faoliyati davlat hokimiyati va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘z vakolatlarini amalga oshirishdagi faoliyatini almashtirmaydi.

Volonterlik faoliyati quyidagi shakllarda bo‘lishi mumkin:

individual volonterlik faoliyati;

birlashma yoki guruh tarkibidagi volonterlik faoliyati;

volonterlik tashkiloti orqali volonterlik faoliyati.

Volonterlik faoliyatining asosiy turlari:

ijtimoiy yordam ko‘rsatishda ishtirok etish, aholining ijtimoiy himoyalanmagan qatlamlariga, og‘ir hayot sharoitida bo‘lgan bolalarga yordam berish;

keksalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun muhit ochiqligini tashkil qilish, yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni ijtimoiy moslashuvi, integratsiya qilish va tarbiyalash bo‘yicha ishlarga ko‘maklashish;

tabiiy ofatlar, ekologik, texnogen va boshqa halokatlar, ijtimoiy nizolar, baxtsiz hodisalardan jabrlangan shaxslarga, huquqbuzarlik jabrlanuvchilariga, qochoqlar va majburiy ko‘chirilganlarga, shuningdek tashqi yordamga va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj boshqa toifadagi shaxslar va guruhlarga yordam ko‘rsatishda ishtirok etish;

favqulodda vaziyatlarni oldini olish va bartaraf etishda davlat boshqaruv organlariga ko‘maklashish;

atrof-muhitni muhofaza va himoya qilish, hududlarni obodonlashtirishda ishtirok etish;

tarixiy va madaniy yodgorliklarni saqlash, tarixiy va madaniy yashash muhitni tiklash va saqlash sharoitini yaratishda ishtirok etish;

ta'lim, fan, madaniyatni rivojlantirishda, bilimlarni ommalashtirishda, innovatsiyalarni rivojlantirishda ishtirok etish;

jismoniy tarbiya, sport va faol dam olishni rivojlantirish va ommalashtirishda, mintaqaviy, mintaqalararo, respublika jamoat va xalqaro jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etish;

sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlarini yuritish, ijtimoiy ahamiyatga molik kasalliklarni tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha profilaktik ishlarni tashkil qilish va o‘tkazish;

mintaqaviy, mintaqalararo, respublika va xalqaro madaniy, ommaviy va boshqa tomosha va jamoat tadbirlari, shu jumladan volonterlik lagerlarini tashkil qilish va o‘tkazishda ishtirok etish, arxeologik qazishmalarda, tarixiy fasadlarni tiklashda, imkoniyati cheklangan bolalar uchun yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlari ishida ishtirok etish, agar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lmasa;

xalqlar o‘rtasida tinchlikni, do‘stlikni va hamjihatlikni mustahkamlashda, ijtimoiy, millatlararo, xalqlararo, diniy nizolarni oldini olishda ishtirok etish;

O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid kelmaydigan volonterlik faoliyatining boshqa turlari.

Volonterlik faoliyati volonter yoki volonterlar guruhi va jalb qiluvchi tashkilot o‘rtasida tuzilgan volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnomaga asosan amalga oshiriladi.

Agar volonter oyida kamida yigirma soat volonterlik faoliyati bilan band bo‘lsa, jalb qiluvchi tashkilot u bilan volonterlik faoliyati to‘g‘risida shartnoma tuzishga majbur. Volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnoma ikki nusxada rasmiylashtiriladi, ulardan biri jalb qiluvchi tashkilotda turadi, ikkinchisi volonterga topshiriladi.

Volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnoma o‘n olti yoshga to‘lgan shaxslar bilan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tuzilishi mumkin.

Volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnoma quyidagi shartlarni o‘z ichiga oladi:

o‘zining qobiliyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib volonter amalga oshirishi lozim bo‘lgan faoliyat tavsifi;

tomonlarning huquq va majburiyatlari;

jalb qiluvchi tashkilot tomonidan volonterlik faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan xarajatlarni kompensatsiya qilinishi;

zarur hollarda belgilangan namunadagi tegishli guvohnomalar va (yoki) hujjatlar bilan tasdiqlangan professional talablarni belgilash;

tibbiy ma'lumotnoma bilan tasdiqlanadigan salomatlik holatiga qo‘yiladigan talablar;

tomonlarning javobgarligi, shu jumladan moddiy zarar yetkazilganligi uchun, shartnoma shartlarini o‘zgartirish va bekor qilish sabablari va tartibi;

agar volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnomani bajarish davomida tomonlarning ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan, volonterga yuklatilgan majburiyatlar amalga oshirilishini qiyinlashtiradigan holatlar mavjud bo‘lsa, shartnoma ikkala tomon ishtirokida qayta ko‘rib chiqiladi.

Agar volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnomani bajarish davomida tomonlarning ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar sababli, shartnomani bajarishni davom ettirish imkoniyati bo‘lmasa, u bir tomonlama tartibda bekor qilinadi.

Agar volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, volonter yoki jalb qiluvchi tashkilot tomonidan volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnomaning bir tomonlama bekor qilinishi bu haqida boshqa tomonni vajlarni ko‘rsatgan holda yetti kun oldin avvaldan xabardor qilish sharti bilan amalga oshiriladi.

Volonterning huquqlari:

volonterlik faoliyatini amalga oshirishda o‘zining ishtiroki yo‘nalishini erkin tanlash;

volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnoma tuzilishiga asos bo‘lgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda faol ishtirok etish,

o‘zining imkoniyatlaridan kelib chiqib va jalb qiluvchi tashkilotlarning amaldagi qoidalariga asosan tegishli sohada faoliyat yuritish;

jalb qiluvchi tashkilotning tibbiy sug‘urtasidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda foydalanish;

volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan volonterlik faoliyatining ayrim turlarini amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun kompensatsiya talab qilish;

jalb qiluvchi tashkilotdan volonterlik kitobchasini, volonterlik guvohnomasini va volonterlik faoliyatini amalga oshirganligini, ko‘nikma va tajriba ega bo‘lganligini tasdiqlovchi tavsiyanoma olish;

jalb qiluvchi tashkilot, uning tashkiliy faoliyati va dasturlari haqida to‘g‘ri va aniq ma'lumotni olish;

volonterlik faoliyatini sifatli amalga oshirish uchun jalb qiluvchi tashkilot tomonidan tashkil qilingan va (yoki) tavsiya etilgan o‘quv kurslarida ishtirok etish;

ushbu Qonunning 7-moddasi 10-qismi talablariga muvofiq jalb qiluvchi tashkilot rahbarini yozma ravishda xabardor qilgan holda faoliyatini to‘xtatish.

Volonterning majburiyatlari:

shartnoma majburiyatlari doirasida jalb qiluvchi tashkilot tomonidan belgilangan vazifalarni bajarish;

volonterlik faoliyatini bajarishda jalb qiluvchi tashkilot rahbariga bo‘ysunish;

volonterlik faoliyati jarayonida foydalaniladigan mol-mulkka ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish;

tashkilot va volonterlik faoliyati iste'molchilari to‘g‘risidagi maxfiy ahamiyatga ega ma'lumotni oshkor etmaslik qoidalariga rioya qilish;

jalb qiluvchi tashkilot roziligisiz volonterlik faoliyati to‘g‘risidagi shartnoma bilan o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni boshqa shaxslarga berishga yo‘l qo‘ymaslik;

tanlagan yo‘nalishi (sohasi) bo‘yicha volonterlik faoliyatini yuritish bilimi, mahorati va ko‘nikmalariga ega bo‘lish;

volonter mehnatini muhofaza qilish yo‘riqnomalariga va jalb qiluvchi tashkilot rahbarining ko‘rsatmalariga amal qilish va bajarish;

o‘z faoliyatini beg‘araz amalga oshirish;

volonterlar guruhining umumiy va tashkiliy yig‘ilishlarida ishtirok etish.

Mavzuga oid