11:58 / 31.07.2018
9487

O‘zbekistonda qatorasiga ikkinchi oy deflyatsiya, inflyatsiya yil boshidan beri 5,9 foizni tashkil qildi

Foto: KUN.UZ

2018 yilning iyul oyida tovar va xizmatlar narxlari darajasi o‘rtacha 0,3%ga pasaygan (yanvar oyida inflyatsiya - 2,7%, fevralda - 1,1%, mart oyida - 1,1%, aprelda - 0,9%, may oyida - 0,8%, iyunda - deflyatsiya 0,4%). Yanvar-iyul oylarida inflyatsiya darajasi 5,9%ni tashkil qildi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Joriy yilning yanvar oyida iste'mol sektoridagi narxlar birmuncha sezilarli darajada oshgan (2,7%). iyun va iyul oylaridagi meva va sabzavot mahsulotlari narxlarining mavsumiy omillar natijasida arzonlashishi, umumiy iste'mol narxlari darajasining pasayishiga zamin yaratdi (narxlar darajasi mos ravishda 0,4% va 0,3%ga arzonlashgan).

Asosiy guruhlar bo‘yicha narxlarning o‘zgarishi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar narxining qimmatlashishi joriy yilning iyul oyidagi umumiy iste'mol narxlari indeksi (keyingi o‘rinlarda INI)ga 0,7 foiz darajasida (f.d.) ta'sir etib, oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining pasayishi esa INIning 1,0 f.d.da kamayishiga olib keldi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida o‘rtacha 2,3 %ga arzonlashganligi, umumiy INIning 1,0 f.d.da pasayishiga sabab bo‘ldi.

Bozorlarning yangi hosillar bilan to‘yinishi natijasida meva va sabzavot mahsulotlari narxlari birmuncha arzonlashdi. Bu esa oziq-ovqat mahsulotlari guruhi narxlari dinamikasiga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatdi. Meva-sabzavot mahsulotlari, tuxum, shakar hamda sut mahsulotlarining arzonlashishi umumiy yig‘ma INIning 1,2 f.d.da pasayishiga olib keldi. Go‘sht, non mahsulotlari, alkogolsiz va spirtli ichimliklar, shuningdek, boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi esa INIning 0,2 f.d.da o‘sishiga olib keldi.

Oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy guruhi tarkibiga kiruvchi tovarlar narxlari orasida qimmatlashish borasidagi yetakchilik yorma va dukkaklilarga (o‘sish 1,9%), pasayish bo‘yicha esa kartoshka, sabzavot hamda meva mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keladi (pasayish mos ravishda 27,5%, 14,3% va 13,0%).

Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlarining 1,7%ga qimmatlashishi umumiy INIning 0,6 f.d.da oshishiga olib keldi.

Avtomobillar uchun yoqilg‘i hamda maishiy yoqilg‘i (ko‘mir)dan tashqari ushbu guruhning asosiy turdagi mahsulotlari narxlari orasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmadi. 

Ko‘mir narxining qimmatlashishi yig‘ma INI oshishiga 0,5 f.d.da yoki umumiy nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining qimmatlashishidagi hissasi 83,3%ni tashkil etgan.

2018 yilning 1 iyulidan boshlab, kelishuv bayonnomasiga asosan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Temiryo‘lyonilg‘ita'min» boshqarmasining ko‘mir omborxonalari orqali byudjyet tashkilotlar hamda aholiga chakana narxlarda sotiluvchi ko‘mirning yangi narxlari amaliyotga joriy qilindi. Oy davomida narxlar o‘rtacha 1,7 barobardan ziyodroq darajada qimmatlashdi (74,3 %).

Mamlakatning ba'zi hududlari bo‘yicha kuzatuvdagi nooziq-ovqat mahsulotlarning ayrimlarida, ya'ni, shaxsiy gigiyena tovarlari (shampun, tish pastasi va boshqalar) hamda televizor narxlarining arzonlashganligi kuzatilgan.

Joriy yilning iyun oyidan boshlab, statistika organlari tomonidan asosiy turdagi qurilish materiallari narxlarini monitoring qilish maqsadida, tanlanma savdo nuqtalarida alohida turdagi (turi, navi) qurilish materiallari narxlari to‘g‘risida ma'lumotlar shakllantirilmoqda. 

Mavzuga oid
Top