Iqtisodiyot | 20:54 / 12.06.2024
4659
2 daqiqa o‘qiladi

May oyida sezilgan inflatsiya darajasi 14 foizni tashkil etdi

Markaziy bank so‘rovnomasida ishtirok etgan respondentlarning katta qismi dorilar hamda benzin va yoqilg‘i narxi qimmatlashganini ko‘proq sezgan. 

Markaziy bank may oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi

Unga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 14 foizni tashkil qilgan. Hududlar kesimida inflatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahri (17,4 foiz) va Andijon viloyatida (16,2 foiz), eng past darajasi esa Qoraqalpog‘istonda (10,2 foiz) va Xorazm viloyatida (11 foiz) sezilgan. 

So‘rovnomada qatnashganlarning katta qismi dorilar hamda benzin va yoqilg‘i narxi yuqori darajada o‘sganini ta’kidlagan.

Daromadlari 5 mln so‘m va undan yuqori bo‘lgan aholi sezgan inflatsiya darajasi respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori darajada shakllangan. Xususan, 15 mln so‘mdan ko‘p daromad egalari sezgan inflatsiya 19,9 foizni tashkil qilgan. Daromadi 2 mln so‘mgacha bo‘lgan respondentlarga esa inflatsiya nisbatan kamroq sezilgan – 12,4 foiz.

Toshkent shahrida 21 foiz va undan yuqori inflatsiya sezayotganlar ulushi 36 foizga, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida esa 26 foizga yetgan.

Avvalroq, may oyida iste’mol sektoridagi narxlarning yillik o‘sish darajasi 10,6 foizni tashkil etgani xabar qilingandi. O‘tgan oyda sezilgan va rasmiy inflatsiya o‘rtasidagi farq 3,4 foiz bo‘lgan.

Mavzuga oid