15:32 / 07.08.2018
4649

Infratuzilma, tibbiyot, turizm: O‘zbek- Yapon biznes forumi bo‘lib o‘tdi

International Hotel Tashkent mehmonxonasining anjumanlar zalida O‘zbek-Yapon biznes forumi tashkil etildi. “Yaponiya-O‘zbekiston Ipak yo‘li” fondi ushbu biznes forumning hamkor tashkiloti sifatida  o‘z takdimoti bilan ishtirok etdi. Forumda ishbilarmon doiralar vakillari, Yaponiyaning qator universitetlari vakillari hamda fondning tashqi savdo, investitsiya va infratuzilmalar bo‘yicha ishchi guruhi raisi, “Marubeni” korporatsiyasi maslahatchisi Mamoru Sekiyama boshchiligidagi delegatsiya a'zolari, shuningdek, Tashqi aloqalar, savdo va investitsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Toshkent shahar hokimligi, jamoat tashkilotlari hamda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari qatnashishdi.

Yapon delegatsiyasi a'zolari jami 50 kishi bo‘lib, ular dunyodagi oliy nufuzli tashkilotlar - Marubeni, Shimitzu korporatsiyalari, Japan  tobacco korxonasi, Kawasaki heavy industries va  Sakai heavy industries og‘ir sanoat korxonalari hamda Yaponiya parlamentining quyi palatasi vakillaridan iborat.

Anjumanda yolqilg‘i-energetika sohasida, savdo-investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha samarali dasturlar, yashil texnologiyalarni rivojlantirish hamda sog‘liqni saqlash bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

O‘zbek-Yapon biznes forumi ishini JYeTRO (Yaponiya tashqi savdo tashkiloti)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Manabu Shimoyashiro ochib berdi.

Ta'kidlash joizki, JYeTRO tashkiloti mamlakatimizda 2000 yildan beri O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish hamda ikki mamlakatning eng ilg‘or tashkilotlari o‘rtasida zamonaviy texnologiyalarni almashish bo‘yicha faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, tashkilot yurtimiz iqtisodiyotiga yapon kompaniyalarining investitsiyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etish va soha mutaxassislarining malakasini oshirish ishlarini tashkillashtiradi.

Forumda O‘zbekiston Respiblikasi Investitsiyalar buyicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov so‘zga chiqdi. "Investitsiyalar buyicha davlat qo‘mitasining maqsadi - O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishdir.  Bu  mamlakatdagi iqtisodiy vaziyat haqida ma'lumot berish, erkin iqtisodiy hududlar va maydonlarda faoliyatni tashkil etishga ko‘maklashish, o‘zaro aloqalarni qo‘llab-quvvatlash, biznes loyihalarni tatbiq etishning barcha bosqichlarida va joriy hisobotlarni yuritishda doimiy yordam berishdan iborat. Biz O‘zbekistonda yapon kompaniyalarini yanada ko‘proq ko‘rishdan mamnunmiz", - dedi Laziz Qudratov.

Shundan so‘ng “Yaponiya-O‘zbekiston Ipak yo‘li” jamg‘armasining tashqi savdo, investitsiya va infratuzilmalar bo‘yicha ishchi guruhi raisi Mamoru Sekiyama ham so‘zga chiqib, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan tashabbuslar, xususan, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 5 ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha ma'muriy islohotlar, sud tizimi mustaqilligi va mustahkamligini ta'minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, ijtimoiy sohani rivojlantirish  hamda havfsizlikni ta'minlash strategiyasini qo‘llab-quvvatlashini ta'kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 3 ta dolzarb vazifa bor:

birinchisi - tegishli tashkilotlar bilan mustahkam aloqarlarni yo‘lga qo‘yish;

ikkinchisi - mamlakatlarimiz o‘rtasidagi biznesga oid ma'lumot va axborot almashish tizimini yanada takomillashtirish.

uchinchisi - ikki tomonlama savdo, investitsiya va infratuzilma sohalaridagi aniq loyihalarni tatbiq etish borasida o‘rganishni yo‘lga qo‘yish.

Tadbir davomida “Sakura Global Holding” kompaniyasi direktorlar kengashi va OMeTA assotsiatsiyasi raisi, tibbiyot va sog‘liqni saqlash bo‘yicha ishchi guruhi raisi Kenichi Matsumoto ham so‘zga chiqdi:

“O‘zbekiston bilan hamkorligim anchadan beri davom etib kelmoqda. Biznining ishchi guruh O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida tibbiyot sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari biz O‘zbekiston Respublikasida “Yaponiya tibbiyot xizmatlariga xorijda ko‘maklashish” loyihasining mustahkamlanishiga ham umid qilamiz. Hozirgi kunda guruhning korporativ a'zolari 28 ta kompaniyani tashkil etadi. O‘ylaymizki, keyinchalik bu ko‘rsatkich yanada ortadi. Ta'kidlashim joiz, biz mamlakatingiz Prezidenti tomonidan tibbiyot sohasiga oid tashabbus va islohotlarni qo‘llab - quvvatlaymiz. 2015 yilda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe boshchiligidagi delegatsiya tarkibida men ham bor edim. Mazkur tashrif chog‘ida biz o‘zbek-yapon tibbiy axborot markazini barpo etish haqidagi kelishuvni imzolagan edik. O‘ylaymanki mazkur markaz O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasida axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Men ham mazkur do‘stona aloqalarni mustahkamlashga o‘z hissamni qo‘shaman".

Bundan tashqari, biznes forumda “Globalizatsiya va telepatalogiyadagi yangi standartlar - O‘zbekiston - Yaponiya teletibbiyotining virtual ipak yo‘li” innovatsion loyihasining muhokamasi ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu loyiha taqdimotini Yaponiya po‘lat quyish korporatsiyasi gospitalining telepatalogiya bo‘limi rahbari, Yaponiya xususiy xalqaro universiteti professori Yoshiyuki Osamura o‘tkazdi.

Tadbirda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekiston hududida Yaponiya sarmoyasi ishtirokida 10 ta korxona, jumladan bitta korxona 100 foiz Yaponiya mablag‘i hisobiga faoliyat yuritadi. Shuningdek, Yaponiyaning 15 ta firma va korxonalarining vakolatxonalari mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan. Ularning asosiy  faoliyat yo‘nalishlari neft-gaz, neft-kimyo va kimyo , energetik uskunalar ishlab chiqarish, mashinasozlik, transport va logistika hizmatlari ko‘rsatish, savdo  hamda turizm sohalarini qamrab oladi.

Avtomobil yo‘llari va magistrallarning sifatini soz holda ushlab turish O‘zbekistonda katta va kichik shaharlarning dolzarb muammosidir. Yapon kompaniyalarining loyihalari taqdimotida so‘zga chiqqan “Sakai Heavy industries” korxonasining texnologiyalar bo‘yicha tijorat boshqarmasi maslahatchisi Kodji Tanaka O‘zbekistonda yo‘l infratuzilmasini yanada takomillashtirishning yaponcha uslublari haqida gapirdi.

«O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishda o‘rta va kichik hajmdagi gaz turbinalarini amaliyotga tadbiq etish imkoniyatlari» taqdimoti doirasida  yoqilg‘i-energetika sohasida ko‘zda tutilayotgan hamkorlik loyihasi bilan “Kawasaki heavy industries” korxonasi vakili Ryudji Miura chiqish qildi.

Tadbirda shuningdek, o‘zbekistonliklar uchun turizmni ommalashtirish maqsadida yapon mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan turizm yo‘nalishlari haqidagi masalalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish hamda mamlakatimizda sportchilar salomatligini mustahkamlash maqsadida Yaponiya sport tibbiyoti tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llash, Yaponiyaning xorijiy mamlakatlarda tibbiyot muassasalarini qurish bo‘yicha tajribalarini o‘rganish kabi masalalar ham ishtirokchilar e'tiborida bo‘ldi.

Biznes-forum yakunida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasida fikr almashilib, o‘zaro kelishuvga erishildi.

Top