17:30 / 09.08.2018
4115

Telekommunikatsiyalar obektlarini olib kirishda ruxsat berish tartib-taomillari muddatini qisqartirish rejalashtirilmoqda

Foto: ift.org.mx

Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasining barcha aholi punktlarida uyali aloqa xizmatlaridan foydalanishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokama qilinmoqda, deb yozadi Norma.
 
Hujjatga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi uyali aloqa tarmoqlari operatorlari bilan birgalikda bir oy muddatda foydalanuvchilar, ayniqsa olis qishloq joylardagi foydalanuvchilar interaktiv xizmatlardan foydalanishini ta'minlash bo‘yicha 2018–2020 yillardagi telekommunikatsiyalar tarmoqlarini rivojlantirish rejasini tasdiqlashi shart.
 
Respublikaning 12 mingdan ortiq aholi punktlaridan qariyb 94%i ko‘chma radiotelefon (uyali) aloqa tarmoqlari bilan qamrab olingan. Aholi punktlarining taxminan 73%i uchun uyali aloqa, shu jumladan favqulodda xizmatlarni chaqirish uchun, yagona kommunikatsiya turi hisoblanadi.  
 
Bunda 4 mingdan ortiq bazaviy stansiyalarni foydalanishga kiritish hamda telekommunikatsiyalar tarmoqlari bilan qamrab olinmagan 600 ta aholi punktida uyali aloqa va Internet xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratish 2018 yilda birinchi navbatda bajariladigan vazifalar hisoblanadi.
 
Uyali aloqa tarmoqlari operatorlarining o‘z mablag‘lari, xorijiy banklar va moliya institutlarining imtiyozli uzoq muddatli kreditlari, uskunalar yetkazib beruvchilarning tovar kreditlari va tijorat banklarining kreditlari, shuningdek qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalarni Rivojlantirish rejasi amalga oshirilishini moliyalashtirish manbalari etib belgilash taklif qilinmoqda.  
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari uyali aloqa tarmoqlari operatorlarining buyurtmanomalariga ko‘ra olis va qishloq aholi punktlari, turistik va rekreatsion zonalarda, magistral avtomobil va temir yo‘llar bo‘yida antenna machtalarini qurish, telekommunikatsiya uskunalari montaj qilinadigan binolarni ijaraga olish uchun yer uchastkalari o‘z vaqtida ajratib berilishini ta'minlashlari zarur.
 
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ uyali aloqa operatorlariga uyali aloqa vositalari, inshootlarini o‘rnatishda yordam beradi va zarurat tug‘ilganda temir yo‘llar bo‘yidagi elektr tarmoqlarga ulanishlarini ta'minlaydi.  
 
Hujjatda qayd etilishicha, «O‘zbekenergo» AJ quyidagilarni ta'minlaydi:

• uyali aloqa tarmoqlari operatorlarining buyurtmanomalariga ko‘ra, Rivojlantirish rejasini amalga oshirish doirasida, elektr energiyasi tarmoqlariga o‘z vaqtida ulash;
• uyali aloqa tarmoqlarining bazaviy stansiyalarini elektr energiyasi tarmoqlaridan uzilmaydigan toifalangan obektlarga kiritish;
• telekommunikatsiyalar operatorlarining buyurtmanomalariga ko‘ra elektr uzatish tarmoqlarining tayanch ustunlariga telekommunikatsiya tarmog‘i elementlarini o‘rnatish (osish).
 
Sog‘liqni saqlash vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda buyurtmachilarning mablag‘lari hisobiga tadqiqot ishlarini moliyalashtirgan holda radiotexnika obektlaridan elektromagnit nurlanishning turli chastotalari ta'siri xavfsizligini baholash bo‘yicha maqsadli tadqiqotlar o‘tkazishi mo‘ljallangan.
 
Quyidagilarni belgilash rejalashtirilmoqda:

• telekommunikatsiyalar obektlari, shu jumladan har qanday mulkchilik shaklidagi ijaraga beruvchilarning ijaraga olingan hududlarida o‘rnatilganlari, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining muhim obektlari hisoblanadi;
• telekommunikatsiyalar obektlarini ko‘chirish yoki demontaj qilish haqidagi talablar istisnoli holatlarda, boshqa imkoniyatlar mavjud bo‘lmaganda hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishuvga ko‘ra qo‘yilishi mumkin. Bunda telekommunikatsiyalar obektini ko‘chirish yoki demontaj qilish talabi tashabbuskori mazkur ishlarni amalga oshirish uchun operatorlar sarflagan xarajatlarni qonun hujjatlariga muvofiq shartnomaviy asosda to‘liq qoplashi shart.  
 
Manfaatdor vazirlik va idoralar uch oy muddatda qonun hujjatlariga telekommunikatsiyalar obektlarini olib kirish, loyihalashtirish, qurish va foydalanishga joriy etishda ruxsat berish tartib-taomillari muddatini tubdan takomillashtirish va qisqartirishga doir o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish to‘g‘risida takliflar berishlari shart.
 
Loyiha rad etilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. 

Top