13:52 / 17.08.2018
7867

1 oktabrdan avtomobillarni vaqtinchalik saqlash joylari YaST yoki umumbelgilangan soliqlarni to‘laydi

Foto: RIA Novosti

Bu prezidentning 15.08.2018 yildagi “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida nazarda tutilgan, deb yozmoqda Norma
 
Ayni paytda avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan qat'iy belgilangan soliq to‘lanadi. Bunda ushbu faoliyat turi qismida ular soliq solishning boshqa tartibini tanlash huquqidan mahrum etilganlar.
 
Ushbu holatda qat'iy belgilangan soliq fizik ko‘rsatkich – egallangan maydondan kelib chiqib hisoblab chiqariladi. 2018 yilda ushbu xizmat turi bo‘yicha qat'iy belgilangan soliq stavkasi egallangan 1 m.kv. maydon uchun oyiga:

• Toshkentda – 0,1 EKIH;
• Nukus va shaharlar-viloyat markazlarida – 0,06 EKIH;
• boshqa shaharlarda – 0,05 EKIH;
• boshqa aholi punktlarida – 0,04 EKIHni tashkil etadi.
 
Izoh: soliq solishning ushbu turi dehqon (oziq-ovqat) bozorlaridagi avtomobillarni vaqtinchalik saqlash joylaridagi avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash xizmatlariga tatbiq etilmaydi.
 
2018 yil 1 oktabrdan yuqorida ta'riflangan avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan qat'iy belgilangan soliq to‘lash tartibi bekor qilinadi. Ular yagona soliq to‘lovi yoki umumbelgilangan soliqlar to‘lashga o‘tkaziladi.
 
Davlat soliq qo‘mitasiga ushbu soliq to‘lovchilarning tushumlari to‘liqligi ustidan tizimli nazorat o‘rnatish topshirildi.
 
Shu sanadan boshlab ushbu xizmat turi, joylashuvidan qat'i nazar, avtomototransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari soliq organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish imkonini beradigan videokuzatuv va avtomototransport vositalari kirish va chiqish vaqtini qayd etish tizimi bilan jihozlanganda amalga oshiriladi.
 
Ma'lumot uchun: 2018 yil 15 avgustdan 2019 yil 15 avgustgacha Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperiment o‘tkaziladi. U, xususan, tadbirkorlik sub'yektlariga hokimliklar tasarrufida bo‘lgan (shu jumladan, bozorlar va savdo komplekslariga tutash hududlarda joylashgan) avtomobillarni vaqtinchalik saqlash joylarini davlat-xususiy sheriklik shartlarida 10 yilga qadar muddatga ijaraga berishni, shuningdek xususiy investorlarni jalb qilgan holda ko‘p qavatli avtomobil saqlash joylarini qurishni nazarda tutadi.

Top