O‘zbekistonda intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi
O‘zbekiston Adliya vazirligi respublikada intellektual mulk sohasi, jumladan Intellektual mulk agentligi faoliyatidagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganib chiqdi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati ma'lum qilmoqda.
Ma'lum qilinishicha, Intellektual mulk obektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish bojlarining yuqoriligi xorijiy ishlab chiqaruvchilarning O‘zbekiston bozoriga kirishiga to‘sqinlik qiluvchi omillardan biri hisoblanadi. Masalan, Butunjahon Intellektual mulk tashkiloti – BIMTning hisob-kitoblariga ko‘ra, Bahraynda boj to‘lovlari miqdori - 1 710, O‘zbekistonda– 1 028, Yevropa Ittifoqida – 897, Umonda – 484, Siriyada – 473, Isroilda – 423, Tailandda – 418, AQShda – 388, Singapurda – 242, Janubiy Koreyada – 233, Turkmanistonda – 151, Hindistonda – 148, Indoneziyada – 144, Turkiyada – 143, Yaponiyada – 108 Shveytsariya frankini tashkil etadi.
Bundan tashqari, brendreyding – begona brendlarning ishg‘ol etilish holatlari ham mavjud. Dunyoga mashhur qator brendlar vakillari O‘zbekiston bozoriga kirishda brendreyding ko‘rinishidagi qiyinchiliklarga duch kelgan. Negaki, ularga avval boshdan tegishli bo‘lgan brendlar bizning “uddaburon” fuqarolarimiz nomiga ro‘yxatdan o‘tgan edi.
Amaldagi qonunchilikda tovar belgisining mashhurligini belgilovchi aniq va tushunarli mezonlarning mavjud emasligi brendreydingning asosiy sababi sifatida qayd etilmoqda. Natijada O‘zbekiston fuqarolari nomiga dunyoga mashhur bo‘lgan va huquqiy himoyalangan tovar belgilari ro‘yxatga olinmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Apellyatsiya kengashi tomonidan ilgari muayyan brend huquqi ularga tegishli bo‘lgan shaxslar talabiga ko‘ra, qator dunyoga mashhur tovar belgilarini ro‘yxatga olish bo‘yicha avval berilgan guvohnomalarni bekor qilish hollari ham qayd etilgan. Sohadagi tartibsizliklarni o‘z vaqtida aniqlash orqali fuqarolar (huquq egalari)ning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda himoya qilishga kerakli darajada e'tibor qaratilmayapti.
Qoidaga ko‘ra, huquqni himoya qilish organlari da'vo tamoyili asosida ishlashmoqda: kimdir ularga murojaat qilib, intellektual mulk obektlaridagi tartibsizliklarni ko‘rsatishi zarur. Shuni ham ta'kidlash joizki, qonunchilikda vijdonli huquq egalarining manfaatlari buzilish holatlarida, kompensatsiya undirish bo‘yicha samarali mexanizmlar ko‘zda tutilmagan.
Tovar belgisi yoki xizmat ko‘rsatish belgisi egasining huquqlari buzilganda, jazo sifatida, eng kam oylik ish haqining 1 dan 5 baravarigacha jarima solinadi, xolos. Bu pul yetkazilgan zarar hajmiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Shu bilan birga, sohadagi huquqbuzarliklarni to‘xtatuvchi samarali ma'muriy va jinoiy javobgarlik yo‘q. Yuqorida ko‘rsatilgan xato va kamchiliklar O‘zbekistonning intellektual mulk himoyasi bo‘yicha imiji va reyting darajasiga ham ta'sir ko‘rsatmoqda.
Qolaversa, intellektual mulk huquqlarini o‘lchovchi jahondagi yagona ko‘rsatgich – Mulk huquqlari bo‘yicha xalqaro indeksi (IPRI)ga Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya, Qozog‘iston, Rossiya, Ukraina singari davlatlar kirgan bir paytda, O‘zbekiston ushbu tashkilotga umuman tanishtirilmagan.
Shu bois, olib borilgan tahlil yakunlari bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini ta'minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi hamda intellektual mulkni huquqiy himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tayyorlandi.
Mavzuning bugungi kundagi dolzarbligi e'tiborga olingan holda, loyihalar jamoatchilik muhokamasi uchun www.regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi.
Vazirlik tomonidan tayyorlangan loyihalarda intellektual mulkning ishonchli himoyasini ta'minlashga qaratilgan aniq takliflar keltirilgan.
Mavzuga oid
18:54 / 25.10.2024
O‘zbekistonda sotilgan eng qimmat va antikvar avtomobil haqida ma’lumot berildi
20:50 / 07.08.2024
O‘zboshimcha egallangan yer qanday qonuniylashtiriladi? Yangi qonun bo‘yicha mutaxassis bilan suhbat
09:43 / 24.07.2024
Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslari yanada takomillashtirilmoqda
18:02 / 11.07.2024