23:13 / 02.09.2018
16739

O‘shda O‘zbekistonning qo‘llab-quvvatlashi ostida qurilgan maktab foydalanishga topshirildi

O‘sh shahrida O‘zbekistonning qo‘llab-quvvatlashi ostida qurilgan Alisher Navoiy nomidagi 18-sonli yangi zamonaviy maktab-gimnaziyasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Qirg‘izistonning "Turmush" nashri shu haqida xabar berdi. 

Maktab-gimnaziya ochilishida QR Jogorku Kenesh notig‘i Dostonbek Jumabekov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis senati raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev, O‘sh shahri hokimi Taalaybek Saribashov, ta'lim sohasi vakillari, ota-onalar va o‘quvchilar qatnashishdi. 

Jumabekov barchani yangi o‘quv yili boshlanishi bilan qutlab, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik rivojini qayd etdi. 

Nig‘matulla Yo‘ldoshev O‘zbekistonda qirg‘iz ta'lim tilida o‘qitiluvchi 90 ta maktab ishlayotgani, ularda 7,5 ming  bola  ta'lim olayotganini ta'kidladi. 

Manbaga ko‘ra, maktabda 26 katta va 22 kichik inshoot mavjud. Ommaviy tadbirlar uchun 150 o‘rinli madaniyat zali bor. Shuningdek maktab binosi 190 o‘rinli oshxona, 56 kompyuter, 33 televizor, 4 ekranli proyektor bilan ta'minlangan.

Navoiy nomidagi maktab qurilishi 2017 yilning oktabrida boshlangan. Obekt qurilishi Toshkentning «Trest-12» MChJ tomonidan amalga oshirilgan.

Qurilishning umumiy maydoni 1,15 gektarni tashkil qiladi, zamonaviy o‘quv korpuslari, oshxona, tadbirlar zali, sport zali, futbol va basketbol maydonlari shular jumlasidandir.

Top