Jamiyat | 19:10 / 07.09.2018
9143
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand xalqaro aeroportida ko‘p miqdordagi psixotrop moddalar ushlab qolindi

Samarqand xalqaro aeroportiga “Vnukovo-Samarqand” aviareysi bo‘yicha parvozini yakunlangan fuqaro O.J. bojxona nazoratidan “yashil” yo‘lak orqali o‘tayotib, mavjud tartiblarni buzishga urindi.

Unga tegishli yuklar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, sumka ichida 25 ta konvalyutada bo‘lgan jami 250 dona “Fenazepam” nomli tabletkalar borligi aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Ekspertlarning xulosasiga binoan “Fenazepam” tabletkalari O‘zbekiston Respublikasida muomalada bo‘lishi cheklangan psixotrop moddalarning ro‘yxatiga kiritilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish hamda olib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun tarkibida psixotrop moddalar bo‘lgan dori vositalarni turli nomdagi 5 tagacha va ulardan har birining ikkitadan ortiq bo‘lmagan o‘ramini davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqishda ruxsat berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Giyohvandlik vositalarini 7 sutkalik ehtiyojdan ortiq bo‘lmagan miqdorda olib kirishga yashash yoki bo‘lish mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, davolash kursining tavsiya etiladigan soni ko‘rsatilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda ruxsat beriladi.

Shuningdek, ushbu qarorga ko‘ra o‘tkazish punktlarida bojxona chegarasini kesib o‘tishda jismoniy shaxslar ularda psixotrop moddalar borligini deklaratsiyada qayd etishlari shart.

Mavzuga oid