O‘zbekiston | 11:04 / 24.09.2018
5499
4 daqiqa o‘qiladi

O‘simliklar klinikasini qanday manfaatli shartlarda tashkil etish mumkin?

Foto: picjeysaer.longmusic.com

Vazirlar Mahkamasining 15.09.2018 yildagi 734-son qarori bilan o‘simliklar klinikalarini tashkil etish tartibi tasdiqlandi.
 
Norma’ning yozishicha, quyidagilar o‘simliklar klinikalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:

• o‘simliklarga agrotexnik, biologik va kimyoviy ishlov berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish;
• o‘simliklar zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari va aholini kimyoviy, biokimyoviy, biologik va mexanik vositalar bilan ta'minlash.
 
O‘simliklar klinikasi yuridik shaxs tarzida yoki yuridik shaxsning tarkibiy bo‘linmasi (filiali) shaklida, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik (DXSh) shartlari asosida tashkil etiladi. DXSh loyihalarida ishtirok etish tadbirkorga biznesni eng manfaatli shartlarda boshlash imkonini beradi.
 
Xususiy sheriklar tanlov asosida aniqlanadi. Tanlovni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining Davlat-xususiy sheriklikka nomzodlarni tanlash bo‘yicha komissiyasi o‘tkazadi.
 
Tanlov to‘g‘risidagi barcha axborotni davlat tomonidan sherik - O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasining rasmiy saytidan olish mumkin. U yerda tanlovlar, shartlar va ularni o‘tkazish sanalari to‘g‘risida axborot e'lon qilinadi. Shuningdek, saytda ishtirok etish uchun arizani rasmiylashtirish va tanlov natijalarini bilish mumkin.
 
DXSh to‘g‘risida bitim tuzishga talabgorlik qiluvchi nomzod o‘z nomzodini ko‘rib chiqishda Komissiya majlisida ishtirok etish huquqiga egadir. Nomzodlar komissiya ishida ishtirok etishga taklif qilinadilar.
 
Xususiy sherikning arizasi ko‘rib chiqilganligi uchun EKIHning 1 baravari miqdorida yig‘im undiriladi va u davlat tomonidan sherikning maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi.
 
Saralashdan o‘tish uchun nomzod quyidagilarga ega bo‘lishi zarur:

• yuqorida belgilangan vazifalar doirasida to‘liq hajmda xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatini taqdim etadigan tegishli moddiy-texnik baza, tovar zaxirasi va aylanma mablag‘lar mavjudligi;
• zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlarni aniqlash, shuningdek, o‘simliklarga ishlov berish uchun kimyoviy, biokimyoviy, biologik vositalarni qadoqlash uchun tegishli laboratoriya uskunalari, inventarning mavjudligi;
• zararsizlantirish bo‘yicha otryad va yakka tartibdagi himoya vositalarining mavjudligi;
• zararkunandalarga qarshi kurashish uchun biomahsulotlar yetishtirish uchun shart-sharoitlarning mavjudligi.
 
Tanlovga faqat bir nafar ishtirokchidan ariza tushgan taqdirda u o‘tkazilmaydi, qaror esa Komissiya tomonidan ishtirokchining arizasini va arizaga ilova qilinadigan hujjatlarni o‘rganib chiqish yakunlari bo‘yicha tanlov to‘g‘risida e'lon berilgan paytdan boshlab 30 kunlik muddat tamom bo‘lgandan keyin 5 ish kuni mobaynida qabul qilinadi.
 
Tanlov yakunlari bo‘yicha asosiy va zaxira g‘oliblar aniqlanadi. Tanlov g‘olibi DXSh to‘g‘risidagi bitimni imzolashni rad etgan yoki undan bosh tortgan taqdirda, zaxira g‘olib bilan tegishli bitimni imzolashga yo‘l qo‘yiladi.
 
Hujjatda DXShning quyidagi shakllari nazarda tutiladi:

• davlat mulkining foydalanilmayotgan bo‘sh turgan obektlarini, sh.j. faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat muassasalarining binolarini "nol" xarid qiymati bo‘yicha sotish;
• davlat mulki obektlarining foydalanilmayotgan binolarini uzoq muddatga bepul foydalanishga berish (bitim 30 yil muddatga tuziladi);
• qurilish, rekonstruksiya qilish va jihozlash uchun yer uchastkasini beg‘araz ajratish (bitim 30 yil muddatga tuziladi).
 
Hujjat 17.09.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid