Jamiyat | 18:44 / 29.09.2018
12564
3 daqiqa o‘qiladi

Yog‘ochlar orasida sifatsiz farmatsevtika mahsulotlarini olib o‘tishmoqchi bo‘lishdi

Sifatsiz dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlari inson uchun eng aziz ne'mat – sihat-salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishi shubhasiz. Chunki, har xil sharoitlarda va belgilangan me'yorlarga rioya qilinmagan holda tashiladigan dorilar shifo o‘rniga kasallikni yanada kuchaytirib yuborishi mumkin.

Afsuski, ushbu oddiy haqiqatdan ko‘z yumgan ayrim kimsalarni yurtdoshlarimizning salomatligidan ko‘ra, mo‘may daromad ko‘proq qiziqtiradi.

Yaqinda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining  “S.Najimov” chegara bojxona posti xodimlari qo‘shni davlatdan kirib kelgan mana bu “Kamaz” yuk avtotransport vositasini inspektsion ko‘rik majmuasi ko‘magida bojxona ko‘rigidan o‘tkazishganda, tirkamaga ortilgan yog‘ochlar orasida shubhali tovarlar borligi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Shundan so‘ng, tirkamadagi yog‘ochlar tushirib ko‘rilganida, ular orasida xorijda ishlab chiqarilgan, 14 turdagi umumiy kiymati 122 mln. so‘mdan ortiq dori vositalari xamda “Gerbalayf” biologik faol qo‘shimchalari va avto ehtiyot qismlari yashirilganligi fosh bo‘ldi.

Shuningdek, mazkur postda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan yana bir yuk avtomashinasining rentgen tasvirlari bojxonachilarni shubhalantirib qo‘ydi. Shundan so‘ng avtomashina to‘liq bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, unga ortilgan yog‘ochlar orasiga, tirkamaning yon tomonida joylashgan temir quti ichiga va salondagi o‘rindiqlar ostiga 28 turdagi avto ehtiyot qismlari va turli tovarlar yashirilganligi ma'lum bo‘ldi.

Bojxona nazoratidan bekitgancha olib kirishga urinilgan mazkur tovarlarning umumiy qiymati salkam 15 mln. so‘mni tashkil qilmoqda.

Mana bu yuk avtotransport vositasida ham xuddi shunday usulda bojxona qoidabuzarligi sodir etilgan. Ya'ni, tirkamadagi yog‘ochlar orasiga yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, 2 turdagi manometrlarni yashirgancha olib kirishga urinish fosh qilindi. Mazkur tovarlarning umumiy qiymati salkam 27 mln. so‘mni tashkil qilar ekan.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid