Jamiyat | 09:05 / 08.10.2018
27276
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qo‘shnisini vahshiylarcha o‘ldirgan yigit 11 yilga qamaldi

Illyustrativ foto/RIA Novosti

Inson tabiati qiziq. O‘ziga g‘am-qayg‘u, tashvish keltiradigan narsaga o‘ch bo‘ladi. Spirtli ichimlik ta'sirida kelib chiqqan qanchadan-qancha nizolar, ko‘ngilsizlik, baxtsizliklarni eshitganmiz, guvohi bo‘lganmiz. Shunday bo‘lishiga qaramay, ayrimlar uchun bu ichimlikdan voz kechish yoki ichganda me'yorni bilish ancha mushkul, deb yozadi Samarqand viloyat prokurorining katta yordamchisi Muzaffar Qilichev “Huquq” nashrida.

Mansur (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) o‘sha kuni ishdan ertaroq chiqdi. Amakisini bayram bilan tabriklash uchun borayotgan edi, qarshisidan hamkasblari Sarvar bilan Jalol chiqib qolishdi.

— Ko‘rishganimiz yaxshi bo‘ldi. Bugun bir bayram qilaylik, — dedi ularga qarab.

Ular oshxonalardan biriga kirishdi. Somsa yeb, ikki shisha aroqni bo‘shatishdi. Ichlariga shayton kirgach, bir-birlarini tezlab, pivoxonaga yo‘l olishdi. Bu paytda Mansur mast bo‘lib qolgan edi. Uning avtomashinasini Sarvar boshqarib, uyiga olib borib qo‘ygach, sheriklari «ishimiz bor», deb ketib qolishdi.

Kiyimlarini almashtirgan Mansur bo‘lsa, yotib dam olish o‘rniga, yana ko‘chaga chiqdi. Qo‘shni mahallada yashovchi Murodga ko‘zi tushdi. U ham tomog‘ini «ho‘llab» olgan ekan. Mansur uyiga kirayotgan edi, Murod uni to‘xtatdi.

— Nimaga salom bermaysan, «bratishka»? Katta bo‘lib, puling ko‘paydimi, odamni mensimaysan? — deya tanbeh berdi.

Afsuski, Mansur indamay qo‘ya qolmadi. O‘rtada janjal chiqdi. Murod Mansurning yuziga bir musht tushirgan edi, qoshi yirtilib ketdi. O‘zi yerga yiqildi. Murodning og‘zi ham, qo‘l-oyog‘i ham tinmadi. Hammasi mayliku-ya, ammo Mansur uning turmush o‘rtog‘i va qizining sha'niga kurakda turmas so‘zlar aytib, haqoratlaganiga chiday olmadi. Ichidagi shayton uni tezladi. O‘rnidan turib, uyiga yo‘l oldi. Murod ham uning ortidan kelayotgandi. Mansur to‘g‘ri oshxonaga kirib, pichoq oldi va bir nimalarni to‘ng‘illab, tashqariga otildi. Uning qo‘lida pichoq ko‘rgan Murod yerdan tosh oldi. U avvaliga Mansurning bir-ikki zarbasini qaytardi. Lekin qo‘lidagi tosh bilan unga bas kelolmasligini bilgach, qochmoqchi bo‘ldi-yu, orqasidan tekkan pichoqdan yerga yiqildi. Vahshiylashib ketgan Mansur uning ko‘krak qafasi va bo‘ynini ham jarohatladi. Yaqin atrofda mashina ta'mirlayotgan yigit yugurib kelib, Mansurni to‘xtatib qoldi.

Murodni yo‘lovchi mashinada shifoxonaga keltirishdi. Biroq, shifokorlar uning yo‘lda vafot etganini aytishdi.

Tergov jarayonida Mansur avvaliga aybini tan olmadi. «Xotiramni yo‘qotganman, hech nimani eslay olmayapman», deya turli bahonalar qilib ko‘rdi. Ammo vaqt o‘tib, odil sudlovni hech qanday bahona bilan chalg‘itib bo‘lmasligini tushundi, aybiga iqror bo‘ldi.

Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan aybdor, deb topilgan Mansurga 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Bularning bari bir necha soat ichida ro‘y berdi. Ikki vujudni shayton izmiga olgach, o‘z kuchini ko‘rsatdi. Begunoh bolalar yetim qolishdi. Mansurga bir umrlik «qotil» degan tamg‘a bosildi.

Mavzuga oid