O‘zbekiston | 18:30 / 10.10.2018
4882
4 daqiqa o‘qiladi

“Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob ko‘rgazmasi ochildi

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi

2018 yil 10 oktabr kuni Germaniya Federativ Respublikasining Frankfurt shahrida an'anaviy “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi GFR prezidenti Shtaynmayr, diplomatik korpus vakillari, elchilar, shuningdek, ko‘plab xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan noshir va matbaachilar ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yirik ma'rifiy festivalda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi nashriyot-matbaa korxonalaridan tarkib topgan O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi noshirlarimiz hamda matbaachilarimiz erishgan yutuqlari aks etgan taqdimotlar bilan qatnashmoqda.

- Ko‘rgazmada O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O‘zbekiston”, “O‘qituvchi”, G‘afur G‘ulom, Cho‘lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi, “Ma'naviyat” nashriyot-matbaa uyining 500 ga yaqin O‘zbekistonning turli sohalarda erishayotgan yutuqlari aks ettirilgan kitob-albomlar, ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy, ilmiy-ommabop, bolalar adabiyoti va badiiy asarlari namoyish etilayotir, - deydi O‘zMAA bosh direktori, O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Laziz Tangriyev. - Mazkur tadbirda ishtirok etishdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning noshirlik va matbaachilik sohasidagi yutuqlari, nashriyotlarning matbaa mahsulotlarini Yevropa mamlakatlarida targ‘ibotini tashkil etish, mahsulot eksportini yo‘lga qo‘yish, ushbu yo‘nalishda jahonning ilg‘or tajribalarini o‘rganish va hayotga tatbiq etishdir.

Foto: O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi 

“O‘zbekiston” milliy pavilonida yurtimiz tarixi va buguni, o‘zbek milliy urf-odat hamda an'analari aks etgan namunalar keltirilgan. Hunarmandlarimiz tomonidan tayyorlangan bejirim buyumlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Pavilondagi monitorda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nashriyot-matbaa ijodiy uylar faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik muntazam namoyish etiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ko‘rgazmada samarali ishtirok etmoqda. Xususan, o‘zbek noshirlari Rossiyaning “Flamingo”, Polshaning “Book institute”, Eronning “Shahrestan”, Belgiyaning “Caramel”, Buyuk Britaniyaning “Account executive”, “Sweet Cherry Publishing”, Avstriyaning “TBC global”, Qatarning “Lusail” singari o‘nlab nashriyotlar bilan kitob mahsulotlarini chop etish yuzasidan mualliflik huquqini sotish, sotib olish va tarjima qilish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdi.

- Mamlakatingizda qariyb ikki mingga yaqin nashriyot va matbaa korxonalari faoliyat yuritishini eshitib, rosti havasim keldi. Chunki bizda bunday korxonalar nihoyatda kam, - deydi eronlik yozuvchi va noshir Mahdoht Asgari. - Texnika taraqqiy etgan davrda bosma kitoblar o‘rnini elektron kitoblar egallaydi. Shunday bo‘lishiga qaramay yurtingizda bir yilda o‘n milliondan ortiq kitoblar nashr etilayotgani o‘zbek xalqining kitob mutolaasiga bo‘lgan ishtiyoqi baland ekanligini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob ko‘rgazmasi 14 oktabrga qadar davom etadi.

Mavzuga oid