O‘zbekiston | 15:39 / 17.10.2018
5077
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik bitiruvchi yoshlarning qanchasi soliq imtiyozidan foydalanilayotgani aytildi

Foto: Fotolia

Bugungi kunda O‘zbekistonda 230 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tib faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 375-moddasiga asosan yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkor, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik sub'yekti qat'iy belgilangan soliqni davlat ro‘yxatiga olingan oyidan emas, balki keyingi oydan boshlab to‘lashi belgilab qo‘yilgan. Bu haqda KUN.UZ’ga Davlat soliq qo‘mitasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Shu bilan birga, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari kollejni tamomlaganidan keyin o‘n ikki oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan taqdirda, olti oy muddatga qat'iy belgilangan soliqni to‘lashdan ozod etilgan.

O‘tgan yilda ushbu imkoniyatdan respublikamiz bo‘yicha 94,6 ming nafar yakka tartibdagi tadbirkor foydalanib, shundan 85,7 ming nafari yangi ro‘yxatdan o‘tgani uchun, 8,9 ming nafari yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik shaklidagi faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub'yekti sifatida qat'iy belgilangan soliq va sug‘urta badali to‘lovlarini o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan.

Qolaversa, 2018 yilda 13 ming nafar kasb-hunar kollejlari bitiruvchisi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, 19,5 mlrd. so‘m imtiyozdan foydalangan holda qat'iy belgilangan soliqni to‘lashdan olti oy muddatga ozod etilgan.

O‘z navbatida, eslatib o‘tish joizki, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganidan boshlab o‘n ikki oy ichida faoliyati tugatilgan yoki faoliyati uch va undan ko‘p oyga to‘xtatilgan taqdirda, qat'iy belgilangan soliq to‘lovi faoliyat amalga oshirilgan butun davr uchun to‘lanishi belgilangan.

Mavzuga oid