Fan-texnika | 21:07 / 20.10.2018
9157
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning eng yirik gidrosamolyoti ilk bor suv sirtidan parvoz qildi

Foto: Sinxua

Xitoy tomonidan yaratilgan AG600 samolyot-amfibiyasi Xitoydagi suv omborlaridan biridan ilk bor suv sirtidan parvoz qilish va qo‘nishni amalga oshirdi.

“Sinxua” axborot agentligining ma'lum qilishicha, samolyot parvoz oldidan asosiy tizimlarining ishlashini tekshirish maqsadida suv sirtida turli tezliklarda bir qator manyovrlarni bajargan.

Samolyotni yaratish ustidagi ishlar 2009 yilda boshlanib, uning birinchi tajribaviy namunasi 2016 yilda paydo bo‘lgan. Samolyot bir yil o‘tib yer sirtidan ilk bor havoga ko‘tarilgan.

Gidrosamolyotni qurishga 3 mlrd yuan (441 mln dollar) sarflangan. U fuqarolik aviatsiyasi ehtiyojlariga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘rmon yong‘inlariga qarshi kurashda, qutqaruv operatsiyalarini o‘tkazishda va mamlakatning dengizdagi manfaatlarini himoya qilishda qo‘llanishi ham mumkin.

Samolyot havoda qayta yonilg‘i bilan to‘ldirilmasdan 12 soatgacha qolishi, 4,5 ming km masofani bosib o‘tishi va 500 km/soat tezlik bilan ucha olishi mumkin. Uning uzunligi 37 metrni, qanotlari qulochi 38,8 metrni, maksimal uchish og‘irligi 53,5 tonnani tashkil qiladi.

Amfibiya 2022 yildan boshlab buyurtmachilarga yetkazib berila boshlanadi. Samolyot yo‘lovchi va yuk modifikatsiyalarida ishlab chiqariladi. 

Samolyotning suvdagi ilk sinovlari oktabr boshida o‘tgandi. O‘shanda amfibiya 145 km/soat tezlikkacha tezlashtirilgan.  

Mavzuga oid