13:48 / 24.10.2018
16340

Makgregorning do‘sti Nurmagomedovning do‘sti bilan jang qilish uchun UFC’ga ultimatum qo‘ydi

Foto: mmaboxing.ru

Aralash yo‘nalish (MMA) bo‘yicha rossiyalik va irlandiyalik jangchi Artyom Lobov Zubayra Tuxugovga qarshi bahs bekor qilinganidan norozi va Mutlaq jangchilar chempionati (UFC)ni tark etish bilan tahdid qildi. Uning so‘zlari ESPN tomonidan keltirilgan.

Lobov Tuxugovni UFC’dan bo‘shatib yuborishlari mumkinligidan tashvishlanmoqda. «Agar uni olib tashlashsa, men ham ketaman. U bilan ACB (Absolute Championship Berkut - MMA’ning Rossiyadagi tashkiloti), Bellator yoki bunga tayyor bo‘ladigan boshqa ligada jang qilaman. Lekin men u bilan jang qilish yo‘lini baribir topaman», - deya ma'lum qildi Lobov.

Tuxugovning do‘sti Habib Nurmagomedov ham jangchining ehtimoliy bo‘shatilishiga munosabat bildirdi. U UFC’ga tashkilotdan ketishi bilan tahdid qildi.

Tuxugov va Lobov o‘rtasidagi jang 27 oktabr kuni UFC Fight Night 138 musobaqasida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq, Tuxugovning UFC 229’da Nurmagomedov hamda Konor Makgregorning jangidan so‘ng yuz bergan tartibsizliklarda ishtirok etishi tufayli, chechenistonlik jangchi Lobov bilan jangdan mahrum etildi. Uning o‘rniga amerikalik Maykl Jonson oktagonga chiqadi.

Lobov - Makgregor ham a'zo bo‘lgan SBG Ireland jamoasi jangchisi. Xuddi irlandiyalik kabi, u ham Nurmagomedovga aloqador shaxslar bilan yomon munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Makgregor Nurmagomedov bilan jangdagi o‘z xatolarini ma'lum qilgandi.

 

Top