O‘zbekiston | 00:06 / 26.10.2018
7775
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida eng ko‘p ko‘rilgan sud ishlari ma'lum bo‘ldi

25 oktabr kuni poytaxtdagi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining majlislar zalida brifing bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda viloyatning Jinoyat va Fuqarolik ishlari, Ma'muriy va Iqtisodiy ishlari bo‘yicha sudlar raislari tomonidan joriy yilning to‘qqiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma'lumot berildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda 7443 nafar shaxsga nisbatan 5676 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ishlar soni 1889 taga, shaxslar soni 2580 nafarga kamayganini bildiradi. Sudlangan shaxslarning 527 nafarini ayollar, 102 nafarini voyaga yetmagan shaxslar tashkil etgan.

2017 yilning 9 oyligiga nisbatan bu yilgi bitimlar bilan bog‘liq nizolar 657 taga (shundan qarz va kredit shartnomalaridan kelib chiqadigan nizolar 706 taga) ko‘paygan.

Shu bilan birga mehnat vazifasini bajarishda xodimlar tomonidan yetkazilgan zararni qoplash haqidagi ishlar 5 taga, aliment undirish haqidagi ishlar 185 taga, nikohdan ajratish haqidagi ishlar 394 taga, yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash haqidagi ishlar 807 taga, shikoyat tartibida ko‘riladigan ishlar 1150 taga kamaygan.

2018 yilning 9 oyi mobaynida viloyat sudlariga nikohdan ajratish haqida jami 5743 ta ish kelib tushgan. Shundan 3682 tasi tamomlangani, nikohdan ajratish haqidagi jami tamomlangan ishlarning 3170 tasi bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarilgani, shundan 2036 ta da'volar qanoatlantirilib, 1134 tasi qanoatlantirishdan rad etilgani, 283 ta fuqarolik ishlari bo‘yicha er-xotin yarashganligi bildirildi.

2018 yilning 9 oyi davomida ayrim toifadagi huquqbuzarliklarning ortishi va kamayishi dinamikasiga ko‘ra, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi, jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishiga oid ishlar 4,3 foizga, yengil tan jarohati yetkazishga oid ishlar 10 foizga, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanishga oid ishlar 21, 6 foizga oshgan. Mayda bezorlikka oid ishlar 6,2 foizga, soliq solinadigan obektlarning hisobini olib bormaslik yoki kassa operatsiyalarini yuritish tartibi, shuningdek, to‘lov intizomini buzishga oid ishlar 12 foiz, transport vositasini mast holda boshqarishga oid ishlar 46,7 foiz, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishiga oid ishlar 65 foizga kamaygan.

Sudlar raislari o‘z bayonotlari yakunida, sud faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta'minlash barobarida aholining huquqiy madaniyatini oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar borasida ham alohida to‘xtalib, ushbu targ‘ibot ishlarini OAV bilan hamkorlikda amalga oshirib kelayotganliklarini ma'lum qilishdi.

Keyingi brifing 2019 yilning yanvar oyida o‘tkazilishi rejalashtirildi.

Mavzuga oid