O‘zbekiston | 14:00 / 31.10.2018
37034
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi suv toshqini oqibatlariga qarshi kurashilmoqda

Samarqand viloyati hududida keyingi kunlarda kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Samarqand shahridagi «O‘zbekiston», «Spitamenshoh», «Narpay», «Firdavsiy», «Mirzo Ulug‘bek» va «M.Qoshg‘ariy» kabi ko‘plab ko‘chalarda suv toshqinlarini keltirib chiqargan. Shuningdek, yomg‘ir suvlari shaharning «So‘zangaron», «Istiqbol», «Zarafshon», «Shahrobod» va «Fidokorlar» mahallalaridagi ko‘chalar va aholi xonadonlariga oqib kirish kabi o‘nlab holatlar qayd etilib, fuqarolarga bir qator muammoli vaziyatlarni keltirib chiqargan.

Samarqand viloyati FVB «Kun.uz» muxbiriga xabar qilishicha, holat bo‘yicha viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda murojaat qilgan fuqarolarga amaliy yordam ko‘rsatishib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘plab favqulodda vaziyatlarning oldi olingan.

Jumladan, yomg‘ir suvlari Samarqand shahridagi «O‘zbekiston» ko‘chasidagi ariqlarga sig‘masligi natijasida 34-umumta'lim maktabi hovlisiga kirgan. Ushbu vaziyatda qutqaruvchilar tomonidan quvurlarga tiqilgan chiqindilar tozalanib, suv yo‘li ochib yuborilgan va xavfning oldi olingan.

Shuningdek, «M.Qoshg‘ariy» ko‘chasida harakatlanib kelayotgan «Neksiya» rusumli, «Ro‘dakiy» ko‘chasida esa «Damas» avtomashinasi ariqqa tushib ketgani aniqlangan.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv otryadining maxsus mashinasi yordamida ushbu texnika vositalari ariqdan chiqarib berilgan.

Bundan tashqari, shaharning «Birlik» ko‘chasidagi 1-tor ko‘cha 5-uyda fuqaro Mamadiyarova Nigoraning yashash xonadoniga yomg‘ir suvlari oqib kirib, yerto‘lani suv bosgan.

Maxsus vosita yordamida oqova suvlari yerto‘ladan chiqarib tashlangan va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarning oldi olinishiga erishilgan. «Fidoiylar» mahallasi 52-uyda yashovchi fuqaro Begimqulova Fotimaning uyiga oqova suvlari kirgan vaziyatda qutqaruvchilar tomonidan jami 6 nafar yosh farzandlari uy ichidan xavfsiz joyga olib chiqilib, bolalarning xavfsizligi ta'minlangan.

Mavzuga oid