O‘zbekiston | 10:00 / 22.11.2018
10454
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi boshlandi

Samarqanddagi forumlar saroyida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70  yilligiga bag‘ishlab Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi boshlandi.

KUN.UZ muxbirlarining voqea joyidan xabar qilishlaricha, forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari milliy markazi direktori Akmal Saidov dastlab Oliy Majlis Senati raisi Nig‘mattila Yo‘ldoshevga so‘z bergan. Senator O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum qatnashchilariga tabrigi va murojaatini o‘qib eshittirdi.

«70 yil muqaddam qabul qilingan inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi butun jahonda demokratiya va insonparvarlik prinsiplarining mustahkamlanishida yangidan yangi imkoniyatlarni ochdi. Taassufki, biz barchamiz mazkur ijobiy jarayonga to‘siq bo‘layotgan anglashilishi qiyin tendensiyalar kuchayayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz», — deyiladi prezidentning forum qatnashchilariga murojaatnomasida.

Prezident murojaatnomasida gap avvalo «qurolli mojarolar, o‘zaro ishonchning yo‘qolishi va chuqurlashayotgan ziddiyatlar, etnik va millatlararo kelishmovchiliklar hamda boshqa umumbashariy chaqiruv va tahdidlar» haqida boradi.

Shundan so‘ng, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish anjuman qatnashchilariga videomurojaat qildi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Ingibyorg Solrun Gisladottir, BMT bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha BMTning mintaqaviy markaz direktori Natalya German so‘zga chiqishdi.

Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungonga ham forum qatnashchilariga videomurojaat bilan chiqdi.

YeXHT Parlament assambleyasi prezidenti Georgiy Tsereteli o‘z nutqida Samarqand forumini tarixiy deb baholadi.

Bugun forum o‘z ishini kechgacha davom ettiradi. Sektsiyalarga bo‘linib, yalpi yig‘ilishlar o‘tkazilishi mo‘lajallanmoqda.

Jumladan, birinchi yalpi yig‘ilishda «Inson huqulari umumjahon deklaratsiyasi merosi — universallik va inson huquqlari» mavzusida bo‘lib o‘tadi. Unga Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev moderatorlik qiladi.

Ikkinchi yalpi yig‘ilish mavzusi — «Inson huquqlari Barqaror rivojlanish maqsadlarini ta'minlash uchun asos». Bu yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov moderatorlik qiladi.

Ikkinchi yalpi yig‘ilishi uchta mavzuli ishchi guruhga bo‘lingan holda ish olib boradi. Ularda bosh vazirning o‘rinbosari, respublika xotin-qizlar qo‘mitasining raisi Tanzila Norboyeva, Oliy Majlis Senati raisi o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, Adliya vaziri Ruslan Davletov moderatorlik qiladi.

Forumning birinchi ish kuni davomida o‘tkazilishi ko‘zda tutilayotgan tadbirlar shulardan iborat.

KUN.UZ muxbirlari tadbir davomida o‘tkazilayotgan matbuot brifinglari va boshqa tadbirlardan reportaj hamda intervyularni uzatib borishadi.

Sh.Shokirjonov, T.Rahmatov, R.Ramazanov,

KUN.UZ muxbirlari

Mavzuga oid