23:40 / 26.11.2018
13609

Dunyo miqyosida har uch ayoldan biri zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda

Hozirgi kunda dunyo miqyosida har uch ayoldan biri jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lmoqda. 750 millionga yaqin qiz 18 yoshga yetmay, turmushga chiqmoqda. 200 million nafar xotin-qiz  sog‘lig‘iga ziyon yetkazadigan operatsiyalarni boshidan o‘tkazmoqda. Odam savdosi qurbonlarining 71 foizi – ayollar. Reproduktiv  yoshdagi ayollar orasida o‘lim holati va nogironlikni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biri – ularga nisbatan zo‘ravonlikning qo‘llanilishi. Kun.uz muxbiri 26 noyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Uydagi osoyishtalikdan dunyodagi tinchlikka sari” deb nomlangan tadbir doirasida taqdim etilgan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.

Har yili butun dunyo bo‘ylab “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” nomi ostida kampaniya o‘tkaziladi. Ushbu kampaniya ayollarga nisbatan zo‘ravonlik inson huquqlariga zid harakat ekanini ifodalovchi fikr bilan ramziy bog‘langan ikki voqea 25 noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish kunida boshlanib, 10 dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida yakuniga yetadi. O‘zbekistonda ushbu kampaniya 2011 yildan buyon “Uydagi osoyishtalikdan dunyodagi tinchlik sari” shiori ostida muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Navbatdagi tadbirda BMTning O‘zbekistondagi Aholishunoslik jamg‘armasi rahbari Miyeko Yabuta, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Devid Spayyers, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan, Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev va boshqa davlat idoralari va nodavlat tashkilotlar vakillari qatnashishdi. Ular oiladagi zo‘ravonlik holatlarining oldini olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi, vazirliklar va boshqa davlat organlarining uni amalga oshirishdagi o‘rni, shuningdek, qonunchilikni yanada takomillashtirish hamda uni joriy etish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar vakillarining tavsiyalarini muhokama qilishdi. Munozaralar davomida ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish sohasidagi ijobiy yutuqlar ta'kidlandi. Shuningdek, mavjud kamchiliklar va amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarga e'tibor qaratildi.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida “Maishiy zo‘ravonlik profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va u shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. O‘zbekiston Prezidentining maxsus qarori bilan ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalasiga e'tibor qaratildi. Bularning ijrosini ta'minlash maqsadida Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan, birinchidan, qonun loyihasi ishlab chiqildi, ikkinchidan, hududlarda ijtimoiy moslashuv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, ayni damda ularning soni 130 dan oshdi, 2019 yilning I choragi oxiriga borib esa, mamlakatning barcha 200 tumanida shelterlar ishga tushiriladi. Barcha markazlar ishlarini muvofiqlashtiruvchi Respublika markazi faoliyatini tashkillashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi.

Shuningdek davlat idoralari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yaxshilangani va buning natijasida ayollar o‘rtasidagi jinoyatchilik holatlari 37 foizga kamaygani qayd etildi.

Bundan tashqari, Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan zo‘ravonlikning oldini olish maqsadida 1146 qisqa raqami va qizlar uchun tibbiy maqsadlarda xizmat qiluvchi 1003 maxsus raqami ishga tushirilgani eslatib o‘tildi.

Tadbir davomida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan ayollarning haq-huquqlari mavzusiga diniy tomondan izoh berib, Salim qori Qodirovning mavzuga oid “Ayolni e'zozlagan din” kitobini taqdim etdi.

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Dilshod Kenjayev bugungi kunda tizimda ta'lim olayotganlarning 50 foizi qiz bolalar ekani va tizimda gender tenglikka rioya qilinayotganini ta'kidlab, so‘nggi ikki yilda ta'lim tizimida yuz bergan o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 11 yillik ta'lim tizimiga o‘tilishi voyaga yetmaganlar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlarining kamayishiga olib kelgan. Kenjayev shuningdek zo‘ravonlik holatlarining oldini olish maqsadida maktablardagi psixologlar shtatlari kengaytirilgani hamda ularning maoshi oshirilganiga e'tibor qaratdi.

“Amerika ovozi” jurnalisti Navbahor Imomova tadbirga munosabat bildirgan holda, O‘zbekistonda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda eng avvalo qonun ustuvorligini ta'minlash, iqtisodiy masalalarni hal qilish kerakligiga e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi, zero bu qator muammolarni keltirib chiqaruvchi asosiy omillardan ekanini qayd etdi.

So‘nggi vaqtlarda Facebook ijtimoiy tarmog‘ida o‘z o‘quvchilariga ega bo‘lib borayotgan “Ne molchi” guruhi vakili ham qatnashib, kelayotgan murojaatlar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga e'tiborni kuchaytirish zarurligi, bu borada o‘zbek tilidagi resurslarning yetishmasligini ta'kidladi. Shu o‘rinda ayol zalda yig‘ilganlarga qarata murojaat qildi: “Orangizda hayoti davomida biror marta zo‘ravonlik holatlari yoki tahqirlikka uchramagan ayollar bo‘lsa, qo‘l ko‘taring”. Zaldagilarning aksariyati ayollar bo‘lishiga qaramay, biror ayol qo‘l ko‘tarmadi...

Demak, deyarli barcha ayollar – kimningdir onasi, singlisi yo turmush o‘rtog‘i hayoti davomida xo‘rlik, zo‘ravonlikning biror ko‘rinishiga duch keladi. Shunday ekan, bu haqida jiddiy o‘ylaydigan vaqt kelgani aniq, bu esa bir-ikki davlat tashkiloti bilan hal qilinadigan muammo emas, uning yechimi barcha davlat va nodavlat tashkilotlar hamda jamoatchilik vakillarining hamjihatlikda keng qamrovli ish olib borishini talab qiladi. 

Top