11:25 / 03.12.2018
12163

3 yillik viza hamda vaqtincha propiska uchun investorlar 650 dollar to‘laydilar

Foto: Depositphotos

Vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan undiriladigan xorijiy valyutadagi boj stavkalari, yig‘imlar va soliq bo‘lmagan boshqa to‘lovlarning tariflariga qo‘shimchalar kiritildi, deb yozmoqda Norma.

Eslatib o‘tamiz, investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida kamida 8 500 EKIH (1 mlrd 723 mln 205 ming so‘m) miqdorida xo‘jalik jamiyatlarining aksiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek xorijiy korxona tashkil etish shaklida O‘zbekistonga investitsiya kiritgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ko‘p martalik 3 yillik viza olish huquqi berilgan. Uning amal qilish muddatini cheklanmagan miqdorda uzaytirish mumkin. Bundan tashqari, investor vizaning yangi muddatini rasmiylashtirish uchun O‘zbekistondan chiqishi talab etilmaydi.
 
Qabul qilingan hujjat bilan 28.11.2018 yildan boshlab quyidagi boj miqdorlari belgilandi:

•  chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 3 yilgacha muddatga ko‘p martalik kirish-chiqish vizasini rasmiylashtirganlik uchun – 350 AQSh dollari (vizaning karraliligini rasmiylashtirishda stavka 10 AQSh dollariga oshadi);
•  chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni kirish vizasi amal qiladigan muddatga vaqtincha propiska qilganlik hamda vizaning amal qilish muddatini uzaytirish davrida vaqtincha propiskani uzaytirganlik uchun – 300 AQSh dollari.
 
Shuni ham eslatib o‘tamizki, 1.12.2018 yildan boshlab mazkur fuqarolar hech qanday ruxsat beruvchi tartib-taomillarni o‘tmagan holda o‘zlari muassisi bo‘lgan tashkilotning istalgan lavozimida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega.
 
Ma'lumot uchun: kirish vizasini rasmiylashtirish tartibi Xorijiy fuqarolarning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kelishlari va O‘zbekiston Respublikasidan ketishlari tartibining II bo‘limida belgilangan. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni vaqtincha propiska qilish tartibi esa quyidagi hujjatlar bilan belgilangan:
 
•  Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom (VMning22.10.2018 yildagi 845-son qaroriga 2-ilova);
•  Chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom (VMning 16.02.2012 yildagi 41-son qaroriga 2-ilova).
 
Hujjat 28.11.2018 yildan kuchga kirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xodimlari Toshkentda doimiy propiska olishi mumkin bo‘lgan tashkilotlar soni yana bittaga ko‘payishi xabar berilgandi.

Top