13:09 / 03.12.2018
50817

Farg‘onada o‘qituvchi obunaga pul bermagani uchun o‘quvchilarni kamsitgan va urgan

Foto: KUN.UZ

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani 3-umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘qituvchisi o‘quvchilarni haqoratlagani, kamsitgani va kaltaklagani uchun egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Buvayda tumani 3-umumiy o‘rta ta'lim maktabida sinf rahbarlari va fan o‘qituvchilari tomonidan turli maqsadlarga pul yig‘ilgani, pul bermagan o‘quvchilarni haqoratlash, kaltaklashlar to‘g‘risida ma'lumotlar chop etilgan edi.

O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirining Huquqiy-nazorat xizmati chop etilgan materiallar yuzasidan tekshiruv o‘tkazdi.

Tekshirish natijasida 2018 yilning 16 noyabr kuni maktabning 7-V sinf rahbari R. M. shu sinfda ma'naviyat soati o‘tish jarayonida ikki o‘quvchiga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etgani, ya'ni obunaga pul bermaganliklari uchun sinf o‘quvchilari oldida haqoratlab, kamsitgan va kaltaklaganligi aniqlandi.

Farg‘ona Xalq ta'limi boshqarma boshlig‘ining buyrug‘iga asosan, o‘qituvchi R.M. va Ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha maktab direktori o‘rinbosari X.A. egallab turgan lavozimlaridan ozod etildilar.

Maktab direktori R.A.ga esa intizomiy chora ko‘rildi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Farg‘ona Xalq ta'limi boshqarmasi mahalliy hokimiyat bilan hamkorlikda o‘quv muassasasini ko‘mir yoki ko‘mir briketi bilan ta'minlash uchun kerakli choralar ko‘rmoqda.

«O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi zo‘ravonlikning barcha ko‘rinishlarini qoralaydi hamda o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning ota-onalarini bosiqlikka va o‘zaro kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqiradi.

Xalq ta'limi vazirligi maktab xodimlarini ota-onalardan turli maqsadlar uchun noqonuniy mablag‘lar yig‘ish amaliyotini to‘xtatishni so‘raydi», - deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Top