O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Pekinda muzokaralar o‘tkazdi
2018 yilning 24 dekabr kuni Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 16-raundi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV xabar qilmoqda.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov va Xitoy tashqi ishlar vaziri yordamchisi Chjan Xanxui boshchiligidagi ikki mamlakat delegatsiyalari tomonidan davlatlararo munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi aloqalarning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Oliy darajadagi O‘zbekiston-Xitoy uchrashuvlari, hukumat delegatsiyalari, ishbilarmon doiralar, ikki mamlakatning madaniy-gumanitar soha vakillari o‘rtasidagi muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish batafsil ko‘rib chiqildi.
2019 yilda rejalashtirilgan davlat rahbarlari ishtirokida, jumladan «Bir makon, bir yo‘l» ikkinchi xalqaro forumi doirasidagi tadbirlar jadvali va kun tartibiga alohida e'tibor qaratildi.
2018 yildagi savdo-iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama munosabatlar yakunlari sarhisob qilinar ekan, ularning dinamik va o‘zaro foydali bo‘lganligi mamnuniyat bilan qayd etildi. Yanvar-oktabr oylarida savdo hajmi 5 milliard AQSh dollaridan oshdi, butun 2017 yil davomida esa bu ko‘rsatkich 5 milliard dollar atrofida bo‘lgan edi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Shu kunning o‘zida O‘zbekiston delegatsiyasi Hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Xitoy hukumatlararo qo‘mitasining Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik bo‘yicha kichik qo‘mitaning oltinchi majlisida ishtirok etdi, deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
18:15 / 28.10.2024
O‘zbekistonning Shveytsariyadagi yangi tayinlangan elchisi ish boshladi
20:26 / 27.09.2023
O‘zbekistonning Germaniyadagi yangi elchisi tayinlandi
19:51 / 24.04.2023
O‘zbekiston eksportida Rossiya birinchi o‘ringa ko‘tarildi
15:51 / 24.04.2023