08:05 / 16.01.2019
5462

2018 yilda ma'muriy sudlar tomonidan 130 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanildi

Foto: Fotolia

2018 yilda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 217 324 ta ish ko‘rib chiqildi. Mazkur ko‘rsatkich 2017 yilga nisbatan 24,2 foizga kamaygan, deb xabar berdi Kun.uz’ga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov.

Qayd etilishicha, hisobot davrida 283 mlrd. so‘mdan ziyod majburiy to‘lovlarni undirish haqida 236 030 ta sud buyrug‘i chiqarildi. Ushbu ko‘rsatkichlar o‘tgan yilga nisbatan summa bo‘yicha 39,1 foizga, sud buyruqlari soni bo‘yicha esa 70,7 foizga kamaygan. 

Ko‘rib chiqilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha 186 335 ta hal qiluv qarorlari chiqarildi. Ushbu qarorlar bo‘yicha talablarning 83,6%dan ortig‘i qanoatlantirildi.
 
Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda nikohdan ajratish haqidagi ishlar bo‘yicha 39 402 ta, bitimlar bilan bog‘liq nizolar haqidagi ishlar bo‘yicha 30 413 ta, turar joydan ko‘chirish haqidagi ishlar bo‘yicha 1 709 ta, ishga tiklash haqidagi ishlar bo‘yicha 1 515 ta va ota-onalik huquqidan mahrum qilish haqidagi ishlar bo‘yicha 1 208 ta xal qiluv qarorlari chiqarildi.  

80 113 ta fuqarolik ishi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. 

Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan aholi bilan 5 879 ta uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan nazorat tartibida 1 317 ta ish ko‘rib chiqildi. Quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 541 ta qaror bekor qilindi va 112 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.

Shuningdek, 2018 yil mobaynida ma'muriy sudlar tomonidan ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan, xususan, davlat boshqaruvi organlarining, ma'muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining fuqarolar yoki yuridik shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish bilan bog‘liq 22 052 ta ish ko‘rib chiqildi. Buning natijasida 17 007 ta fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlari tiklandi, 130 nafar mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanildi.

Ma'muriy sudlar tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ko‘zda tutilgan huquqbuzarliklar bo‘yicha 477 316 nafar shaxsga nisbatan 383 733 ta ish ko‘rib chiqildi. Jumladan 317 200 nafar shaxsga nisbatan jarima, maxsus huquqdan mahrum etish, ma'muriy qamoq va O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqarib yuborish kabi ma'muriy jazolar qo‘llanildi.

Tahlillarga ko‘ra, ma'muriy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning aksariyatini transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi, transport vositalarini mast holda boshqarishi, transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi, tegishli hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi, noqonuniy tadbirkorlik faoliyati, avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish bilan litsenziyasiz shug‘ullanish, mayda bezorilik, militsiya xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik, pasport tizimi qoidalarini buzish va O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar tashkil etadi.

Xususan, ma'muriy sudlar tomonidan transport vositalarini mast holda boshqarish va transport vositalari haydovchilarining va yo‘l harakati boshqa ishtirokchilarining mastligi yoki mast emasligini aniqlash uchun tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 58 015 nafar shaxsga nisbatan 57 179 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 6 264 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy qamoq jazosi qo‘llanildi, 44 367 nafar shaxs esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati qoidalarini buzishi natijasida jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 22 810 nafar shaxsga nisbatan 22 182 ta ish ko‘rib tamomlangan. Shundan 19 211 nafar shaxsga nisbatan jarima jazosi qo‘llanildi, 1 511 nafar shaxs esa transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi.

Ma'muriy sudlar tomonidan 215 788 ta ish, ya'ni barcha ishlarning 56 foizdan ortig‘i sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan nazorat tartibida 3 012 ta shikoyat va protestlar ko‘rib chiqildi, shundan 481 tasi ish materiallari asosida o‘rganilib, quyi sudlar tomonidan chiqarilgan 101 ta qaror bekor qilindi va 69 ta sud qarorlari o‘zgartirildi.

Top