Jamiyat | 12:53 / 17.01.2019
56089
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent IIBB tomonidan mashhurlikka intilgan blogerlarning faoliyatiga chek qo‘yildi

Instagram ijtimoiy tarmog‘iga o‘zlarini blogerlar deb hisoblaydigan bir guruh yoshlar tomonidan tayyorlangan videolavhalar joylashtirilgan. Bu haqda “Mening yurtim” telekanalida efirga chiqqan lavhada aytiladi.

Qayd etilishicha, ushbu videoroliklarga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv tadbirlari olib borilgan. 

Surishtiruv davomida aniqlanishicha, bolalar tomonidan tayyorlangan videolarning biri poytaxtda joylashgan supermarketda o‘zlarining tanishi yordamida olingan bo‘lib, unda sun'iy janjal uyushtirilib, jamoat joyida haqoratli so‘zlarni qo‘llaganliklari, shuningdek, bu qahramonlar Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan avtomashinani olib qochib, uning ortidan sherigi boshqa avtoulov orqali quvib o‘tgan holda yo‘l xavfsizligi qoidalariga zid bo‘lgan harakatlarni amalga oshirganliklari ayon bo‘lgan.

Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tergovchisi Nilufar Isaxonovaning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, eng kam oylik ish haqining uch barobari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lgan. 

Shuningdek, Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan avtoulovlar vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yilib, haydovchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasiga asosan bayonnoma tuzilgan va haydovchilik guvohnomalari olib qo‘yilgan.

Mavzuga oid