«Bu uyning badbo‘y hidiga chidab bo‘lmayapti» - Urganch shahri markazidagi binoning ahvoli
So‘nggi yillarda aholining uy-joylarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida, hukumat tomonidan ko‘plab qarorlar qabul qilindi, dasturlar amalga oshirildi. Natijada, qisqa vaqt ichida yangi, zamonaviy uy-joylar barpo etildi, ularning soni oshib, shahar va qishloqlar qiyofasi yangilanmoqda. Ammo sifati-chi? Yangi uy-joylarning qurilish ishlari sifatli bajarilyaptimi? Ularni barpo qilishda sifatli materiallardan foydalanilmoqdami? Bu uy-joylarga ko‘chib o‘tgan odamlar uzoq yillar davomida barcha qulayliklardan bahra olib, bemalol yashash imkoniyatiga ega bo‘ladilarmi?
Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati, Urganch shahri Al-Xorazmiy ko‘chasi 52-uyda istiqomat qiluvchi kishilardan tushgan murojaat mazmuni ham shu haqda. Unda 4 qavatli uyning kanalizatsiya tizimi noto‘g‘ri o‘rnatilgani bois, yerto‘lasi oqava suvlari va chiqindilariga to‘lib ketgani, sanitariya-gigiyena holati juda yomonlashib, bu holat bir necha yillardan beri aholini qiynab kelayotgani yozilgan.
Bu uy «Xorazm don mahsulotlari» AJ buyurtmasi asosida «Janubgazqurilish» tashkiloti tomonidan barpo qilingan va 2014 yilda foydalanishga topshirilgan. Birinchi qavati noturar joy sifatida foydalanish uchun mo‘ljallangan, 2-4 qavatlaridagi xonadonlardan aholi turar joy sifatida foydalanmoqda.
Shaharning qoq markazidagi bu binoni ko‘zdan kechirdik, noturar va turar joylarga kirib ko‘rdik, tadbirkorlar va turar joy egalari bilan suhbatlashdik, shikoyatning o‘rinli ekani ma'lum bo‘ldi. Binoga kirishingiz bilan dimog‘ingizga badbo‘y hid uriladi. Kanalizatsiya tizimidagi avariya natijasida, yerto‘lasi oqava suvlar va chiqindilarga to‘lib yotibdi. Bundan tashqari, xonadonlarning devorlariga zax o‘tib, suvoqlari to‘kilib, ta'mirtalab bo‘lib qolgan.
Binoning 1-qavatida joylashgan innovatsion maktab xodimining so‘zlarini eshitamiz.
«Birinchi qavatdagi noturar joyni ijaraga olib, innovatsion maktab tashkil qildik. Chiroyli ko‘rinishga kelishi uchun juda katta mablag‘ sarflab, ta'mirladik. Ammo kanalizatsiya tizimidagi nosozlik pand bermoqda – xonalar badbo‘y hidga to‘lib, sassig‘iga o‘tirib bo‘lmay qolyapti. Bu holatdan ota-onalar ham norozi. Yaqinda ta'mirlanadi, hammasi yaxshi bo‘ladi, deb ularni bir amallab tinchlantirib turibmiz. Bundan tashqari, yerto‘ladagi zax tufayli, devorlarning suvoqlari tushib ketyapti, ta'mirlash uchun sarflagan mablag‘imiz havoga sovurilmoqda», - dedi u.
Kompyuter o‘yinlari klubi boshqaruvchisi Rima Iskandarova ham shu mazmundagi so‘zlarni aytdi.
«Sassiq hiddan bu xonalarda o‘tirib bo‘lmay qoladi. Mijozlardan nomus qilamiz. Bundan tashqari, devorlarimizga zax o‘tib ketgan. Bir necha marta o‘z hisobimizdan kanalizatsiyani ta'mirladik. Ammo har safar ustalar buni vaqtinchalik ekanidan ogohlantirishmoqda. Chunki kanalizatsiya tizimi noto‘g‘ri o‘rnatilgan ekan. Yozda bu xonalardagi sassiq hidning dastidan, chivin va pashshalardan umuman o‘tirib bo‘lmay qoladi», - dedi u.
Shu binodagi turar joy egasi Mahmud Sapayev ham shunday fikrlarni bayon qildi.
«Binoning kanalizatsiya tizimi juda sifatsiz o‘rnatilgan. Biz har safar o‘z hisobimizdan uni ta'mirlayapmiz, ammo foydasi bo‘lmayapti. Yerto‘la oqava suvlar va kanalizatsiya chiqindilariga to‘lib ketgan. Bir necha yillardan beri mana shunday sharoitga chidab yashayapmiz.
Ko‘plab idoralarga murojaat qildik, ammo natija bo‘lmayapti. O‘z hisobimizdan ta'mirlaymiz, ammo befoyda. Bir necha kundan so‘ng ahvol yana takrorlanadi. Juda katta pul sarflab, uy xarid qilgan bo‘lsak, uning kanalizatsiya tizimi nega tayyor holatda topshirilmadi?! Nega biz uni qayta o‘rnatish uchun yana katta pul sarflashimiz kerak?!», - deydi u.
Shu binodagi xonadon egasi Karimboy Jabbarovning fikrini eshitamiz.
«Kanalizatsiyaning sassig‘idan uyimizda o‘tirolmaymiz. Bu yerda qanday yashash mumkin? Hatto, bolalarimiz ham bunday uyda o‘tirmaymiz, ko‘chani aylanib kelaylik deb xarxasha qilishadi. Bir necha marta o‘z yonimizdan pul sarflab, kanalizatsiyani ta'mirdan chiqardik, ammo befoyda. Katta pulga bu uyni sotib olgan bo‘lsak, nima uchun u tayyor holatda topshirilmadi?! Nega qurilish ishlari chala va sifatsiz bajarildi?!», - dedi u.
52-uyning kanalizatsiya tizimini Urgan shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazining kommunal-gigiyena bo‘limi va Urganch shahar Oqava suv bo‘limi xodimlari bilan o‘rgandik. Natijada, uyning kanalizatsiya tizimini o‘rnatishda qurilish me'yorlari bajarilmagani va uning noto‘g‘ri o‘rnatilgani aniqlandi. Kanalizatsiya quvurlari kontr-nishablik bilan o‘rnatilmagan, natijada, oqava suvlar bino tashqarisidagi kanalizatsiya qudug‘iga chiqib ketish o‘rniga quvurlar ichida qolib ketmoqda. Bundan tashqari, quvurlar bir-biriga noto‘g‘ri tutashtirilgan. Natijada, yuqori qavatlardan tushgan oqava suvlari katta bosim bilan tutashgan joylarni yorib chiqib, yerto‘laga oqib ketmoqda.
Qayd etish joizki, 52-uydagi xonadon egalari xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (XUJMSh) bilan shartnoma imzolamagan. Biroq, imzolagan taqdirda ham, XUJMSh faqat joriy ta'mirlash ishlarini olib borishi mumkin xolos. Vaholanki, bu uyning kanalizatsiya tizimi to‘liq demontaj qilinib, qaytadan o‘rnatilishi kerak. Buning uchun esa katta mablag‘ talab qilinadi. Bu pullarni kim to‘laydi? Juda katta mablag‘ evaziga xonadon sotib olgan aholi qurilish ishlarini sifatsiz bajargan tashkilot aybini o‘z gardaniga olishi kerakmi?
Yuzaga kelgan mana shunday ziddiyat natijasida, 52-uydagi ahvol bir necha yillardan beri o‘nglanmay yotibdi.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
13:32 / 06.11.2024
Toshkentda oktyabrda uy-joylar uchun ijara narxi oshishi sekinlashdi
17:03 / 29.10.2024
Yevropaliklar uy-joyga pul to‘lash uchun oziq-ovqat xarajatlarini kamaytirishga majbur bo‘lmoqda - so‘rovnoma
18:15 / 14.10.2024