Jahon | 20:17 / 10.02.2019
6882
2 daqiqa o‘qiladi

82 yoshli Jazoir prezidenti beshinchi prezidentlik muddatiga nomzodini ilgari surdi

Jazoirning amaldagi prezidenti Abdulaziz Butafliqa beshinchi prezidentlik muddatiga rasman nomzodini ilgari surdi. Bu haqda  Jazoirning APS axborot agentligi xabar berdi. 

“Abdulaziz Butafliqa millatga maxsus murojaatida 2019 apreldagi saylovlarga nomzodini qo‘yganini e'lon qildi”, deyilgan xabarda. 

Avvalroq 82 yoshli Butafliqa nomzodining prezidentlikka ilgari surilishini hukmron alyans qo‘llab-quvvatlagan. 

Butafliqa 4 marta (1999, 2004, 2009 va 2014 yillar) Jazoir prezidenti lavozimiga saylangan. U bu vaqt ichida hukumat va radikallar o‘rtasidagi qurolli ixtilofni to‘xtatishga, xavfsizlikni ta'minlash va xorijiy investitsiyalarning mamlakatga qaytarilishiga muvaffaq bo‘lgan. 

Biroq Butafliqaning siyosiy raqiblari uning salomatligi tufayli mamlakatni to‘laqonli boshqara olmasligini aytishmoqda. Jazoir prezidenti 2013 yilda mikroinsultni boshdan kechirib, bir necha hafta Fransiyadagi gospitalda davolangan. O‘shandan beri u omma oldida kam ko‘rinadi va nogironlar aravachasida harakatlanadi.

Jazoir prezidenti saylovlari 18 aprelda bo‘lib o‘tadi. Avvalroq bir qator muxolif siyosatchilar prezident saylovlarida ishtirok etish istagini bildirishgan.

Mavzuga oid