O‘zbekiston | 14:23 / 13.02.2019
5606
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent xalqaro aeroportida turistik axborot markazi faoliyat boshlaydi

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Islom Karimov nomli Toshkent xalqaro aeroportida sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy axborot markazi ish boshlaydi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari Kun.uz’ ga shu haqida ma'lum qilishdi. 

Tourist service center 2-raqamli qo‘nish zalida joylashgan bo‘lib, u 6 bo‘limga ega aylana tuzilmadan iborat. Bo‘limlarning har birida xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan sayyohlarga O‘zbekistonning turistik sanoati, zamonaviy va manzilli yo‘nalishlari bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etiladi. 

Bu yerda har bir xorij fuqarosi turistik sim-karta, O‘zbekiston shaharlari bo‘yicha qo‘llanmalar, zamonaviy dam olish maskanlariga oid ma'lumotlarni o‘zida to‘plagan reklama broshyuralariga ega bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, bu yerda  O‘zbekistonga kirish tartibiga doir maslahatlar ham beriladi. 

Bugunga kelib Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga oid 95 ming flayer tayyorlangan. Bundan avval Qo‘mita tomonidan madaniy meros obektlari, temir yo‘l vokzallari, aeroportlar va mehmonxonalarda turistik axborot markazlarining yaratilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi. 

Shuningdek, yaqin orada bu yerda sayyohlarni sim-kartalar, ovqatlanish joylari, joylashuv vositalari to‘g‘risidagi ma'lumotlar bilan ta'minlovchi hamda taksi chaqirish, muzeylarga chiptalar, suvenirlar xarid qilish imkonini beruvchi statsionar va mobil infokiosklarning o‘rnatilishi ham kutilmoqda. 

Loyiha davlat-xususiy sektor hamkorligi sxemasiga ko‘ra amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid